Assalomu alaykum, o‘g‘il-qizlarim, universitetimizning aziz talaba-yoshlari!
Kuni kecha yurtboshimiz tashabbuslari bilan Ko‘ksaroy qarorgohida 60 mingdan ziyod har sohada yetuk, mehnatsevar, ilmga chanqoq ilg‘or yoshlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Ushbu muloqot shunisi bilan ahamiyatli ediki, Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘lgan 22 milliondan ziyod yoshlarimizni bitta maqsad yo‘lida birlashtirish ularni har tomonlama yetuk inson bo‘lishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish va bu orqali ularni jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlarida katta turtki bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa davlat Rahbari tomonidan har bir vazir, hokim, oliygoh rektori, texnikum, maktab direktori va boshqa mas’ullar hududidagi yoshlarni til va kasb-hunar o‘rganishi, sport bilan shug‘ullanishi, g‘oya, loyiha va startapiga ko‘mak berib, ularni o‘stirishi, ishli va daromadli qilib, birorta yoshni e’tiborsiz qoldirmaslikka yanada katta mas’uliyat bilan yondashib ishlashi lozimligi qayd etildi.
So‘ngi yillarda yurtimizda yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi dunyoning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan yoshlarimiz 500 nafardan, TOP-100 talikda o‘qiyotgan o‘g‘il-qizlarimiz 3,5 ming nafardan oshdi. Yangilikka intiluvchan yoshlarimiz yaratgan 63 ta startap loyihasi AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlar bozoriga kirib bordi. Yosh sportchilarimiz xalqaro arenalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush va 854 ta bronza medalining sohibi bo‘ldi. Bugun yosh tadbirkorlar yurtimizdagi biznes vakillarining 35 foizini tashkil etmoqda.
Bundan tashqari yurtboshimiz dunyoda kun sayin yoshlar ongini egallash bo‘yicha yangi tahdidlar yuzaga kelayotgan sharoitda barcha darajadagi rahbarlar yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi ish tizimiga o‘tishi zarurligini muhim vazifa sifatida belgiladilar. Shu nuqtayi nazardan ta’limda mutlaqo, yangi metodika va innovatsiya olib kirib, ta’lim sifatini oshirish va bolalarni kasbining ustasi qilish va ularni shu orqali zararli yot g‘oyalardan himoya qilish mumkinligiga alohida e’tibor qaratildi.
Har yili 600 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda, 2030-yilga borib, ular 1 millionga yetadi. Yoshlarga o‘ziga mos ish topishi uchun sharoit yaratish – eng muhim masala ekani qayd etildi.
Yoshlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, ularning uchdan biri tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan. O‘tgan yili yoshlar bandligini ta’minlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar berilgan edi. Xususan, “Yoshlar biznesi”, “Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming nafar yoshlar o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi, 50 ming odamni ish bilan ta’minladi.
Prezidentimiz yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishini e’lon qildi.
O‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 milliondan 300 million so‘mgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlar loyihalari uchun 10 milliard so‘mgacha kredit ajratish (hozir 5 milliard so‘mgacha) mumkin bo‘ladi. Innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat berilishi belgilandi. Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi va yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish joriy etiladigan bo‘ldi.
Aziz talabalarim!
Bugungi uchrashuvdan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda sizlar ham mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalar, va turli xil startaplar orqali Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissangizni qo‘shishingizga ishonaman va buning uchun sizlarga har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorman.
Buning uchun esa sizlardan yagona talabim vataningiz, ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringizni sizlardan kutayotgan orzu-umidlarini amaliy ishlar bilan ro‘yobga chiqarib, porloq kelajak sari dadil qadam tashlashingizdir!