wrapper

Yangiliklar

Shanba, 02 Sentyabr 2017 00:00

Biologiya yo‘nalishida 2017 yil 2 sentyabr kuni o‘tkazilgan “Xotira darslari”

Joylashtirdi: 

Namangan davlat universiteti Tabiiy fanlar fakulteti Biologiya yo‘nalishida 2017 yil 2 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti I. A. Karimov xotirasiga bag‘ishlangan  “Xotira darslari” o‘tkazildi. “Xotira darslari” universitet o‘quv zalida ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor A. Isoqboyev tomonidan tasdiqlangan jadval asosida tashkil etildi. “Xotira darslari” bir daqiqalik sukut saqlash bilan boshlandi. 

“Xotira darslari”ni t.f.n. dots B. Isoqov o‘z nutqi bilan boshlab berdi.

B. Isoqov jumladan shunday dedi: Muhtaram Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev qarori bilan 2 sentyabr kungi darslar  birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov xotirasiga bag‘ishlab “Xotira darsi” va Mustaqilligimizni 26-yillik bayrami, “Mustaqillik darslari” bilan boshlanishini ta’kidladi. 

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida  Muhtaram Prezidentimiz olib borgan ishlari, aqlli va uzoqni ko‘zlab bajargan ishlari haqida to‘laligicha ma’lumotlar berib o‘tildi. 

Mustaqillikdan oldingi O‘zbekistondagi  ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatni hozirgi zamon ahvoli bilan solishtirib o‘tildi. Biz mustaqillikdan avval inson qadr- qimmati,  paymol qilinganligi,mamlakat aholisiga nisbatan shavqatsizlarcha munosabatda bo‘linganligi, ularning moddiy tomondan yaxshi ta’minlanmaganligi  (oziq-ovqat, uy-joy,mehnat ta’minoti) ni bugungi kunda insonlarga ko‘rsatilayotgan  g‘amxo‘rlik, berilayotgan imkoniyatlar va shart-sharoitlar bilan taqqosladik. Bizni shunday go‘zal va betakror, ozod va obod, erkin va farovon, tinch va osuda  hayot kechirishimiz uchun o‘z jonlarini ayamagan, osoyishta hayotimiz posboni bo‘lmish Islom Abdug‘aniyevich Karimovni yod etib o‘tildi.

Ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor A. Isoqboyev o‘z so‘zlari bilan Islom Abdug‘aniyevich Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, yurtimizni sobiq mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, uni zamonaviy asosda taraqqiy ettirish strategiyasini, dunyoda “O‘zbek modeli” degan nom bilan tan olingan rivojlanish yo‘lini ishlab chiqqan, jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor qozongan, buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida Vatanimiz tarixida o‘chmas va yorqin iz qoldirdi deb aytib o‘tdilar. 

Xalqimiz o‘zining qisqa muddat - 26 yilda erishgan barcha yutuq va marralarini haqli ravishda aynan Prezident Islom Karimov nomi bilan bog‘laydi va shu ulug‘ insonning beqiyos xizmatlari deb biladi. 

Islom Abdug‘aniyevich Karimov sobiq O‘zbekiston SSRning rahbari etib tayinlangan paytlarda xalqimizning sobiq sho‘ro tuzumining adolatsizligidan chekayotgan azoblari avjiga chiqqan edi.  Bu haqda Prezidentimiz shunday yozgan edilar: «O‘zingiz o‘ylab ko‘ringlar, aziz do‘stlar, mustabid tuzum, mustamlakachilik davrida biz kim edik?

- Taqdirimiz, erkimiz kimlarning qo‘lida edi?

- Ka’ba deb qayerga sig‘inar edik? Har tong «Assalom!» degan madhiya ohanglari ostida kimlarga qulluq qilib uyg‘onardik?

- Tilimiz, dinimiz qay ahvolda edi? Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Xoja Bahouddin Naqshbandlarning muqaddas xoklariga e’tibor bormidi? Amir Temur, Bobur Mirzo va boshqa ulug‘ bobokalonlarimizning buyuk nomlari qaysi tuproqlarda qorishib yotgan edi?

- Milliy g‘ururimiz, insonlik sha’nimiz, urf-odatlarimiz qanday tushunchalarga almashtirilgan edi?

- Xo‘sh, o‘zimiz-chi? O‘zimiz o‘zligimizni bilarmidik? Qanday mo‘’tabar zamin, ulug‘ ajdodlarimizning o‘lmas meroslari bilan oziklangan elning farzandlari ekanimizni anglarmidik?

- Aytinglar, o‘sha kezlari O‘zbekistonni dunyoda birov bilarmidi? Birov biz bilan hisoblasharmidi?

- Yurtimiz qanday va qancha beqiyos boyliklar xazinasi ekanidan qay birimiz xabardor edik?

- Go‘yo milliy iftixor bo‘lmish paxta, haqiqatda milliy g‘urur o‘rniga bo‘yinturuq bo‘lib, xalqimizni yalangoyoq qilishdan, boshimizga azob-uqubat, ta’na-malomatdan boshqa nima keltirardi?

Darhaqiqat, yaqin tarixda xalqimiz o‘z boshidan kechirgan bunday azob-uqubatlarni, taqdirimiz jar yoqasida turgan mash’um kunlarni unutishga bizning aslo haqqimiz yo‘q”. 

Aytinglar, aziz yoshlar, siz mana shunday vatanda yashashni istarmidingiz? 

Millatning dardlari ko‘p edi. Ularga darmon kerak edi. Darmondan ham oldin “shamolga qarab” ish qilmaydigan, o‘zimizdagi eski tuzum tarafdorlarining qarshiligini yengishga qodir, “millat dardi - mening dardim”, deb maydonga chiqadigan jasoratli rahnamo kerak edi. Maydonga ana shunday rahnamo - Islom Abdug‘aniyevich Karimov chiqdilar.

Prezident Islom Karimov tomonidan o‘rtaga tashlagan ilk shior - “O‘zbekiston - kelajagi buyuk davlat!”, degan shior bo‘ldi. O‘shanda bu shiorga ikkilanib qaraganlar ko‘p edi. Chunki Sho‘ro davlati bizni mutelik, qaramlikka o‘rgatib qo‘ygan, bu illatlar ayniqsa mustaqillikning birinchi yillarida kuchli edi.

Shuningdek shu kuni “Xotira darslari”ga Xalqimiz tanigan shoir va yozuvchilar ham tashrif etildi. Jumladan Boqiy Mirzo, Oyimchaxon Bekmirza qizi, Rustam Ummatovlar O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov qilgan ishlari haqida talabalar bilan suhbat qurishdi:

Islom Karimov mamlakatimizda amalga oshirilgan ulkan ishlar, tarixiy o‘zgarishlarning tashabbuskori va rahnamosidir: 

• O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi, mamlakat mustaqil taraqqiyot dasturini ishlab chiqqan va milliy taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan atoqli davlat arbobidir; 

• demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to‘la javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy muallifi va uni hayotga tatbiq etishning tashkilotchisidir; 

• u markaziy hokimiyat va uning joylardagi bo‘g‘inlarini isloh qilish, davlat, jamiyat va inson munosabatlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan yangi siyosiy-ijtimoiy tizim tamoyillarini ishlab chiqdi va amalga oshirdi; 

• xalqimizning o‘ziga xos xususiyatlari hamda ilg‘or jahon tajribalarini mujassamlashtirgan iqtisodiy islohotlarning yangi modelini ishlab chiqdi. Bu rivojlanish yo‘li iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi, qonun ustuvorligi, o‘tish davrida davlatning bosh islohotchi ekanligi, islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, kuchli ijtimoiy himoya kabi mashhur besh tamoyilni o‘z ichiga oladi va u dunyoda "O‘zbek modeli" deb e’tirof etilgan; 

• O‘zbekiston davlatining hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini himoya qilishga qodir Qurolli Kuchlar, Chegara va Ichki qo‘shinlarni zamonaviy islohotlar asosida tashkil etish ishiga boshchilik qildi; 

• KPSS Markaziy Komiteti boshchiligidagi kuchlar O‘zbekistonda adolatsizlik va tazyiqlarni avj oldirgan yillarda o‘zbek xalqining nomini nohaq tahqir va haqoratlardan himoya qilish, xalqimizning or-nomusini, milliy g‘ururini tiklashda fidoyilik namunasini ko‘rsatdi; 

• xalqimiz ma’naviy qadriyatlariga hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, asrab-avaylash va rivojlantirish, muqaddas dinimizni, urf-odatlarimizni, bebaho tarixiy merosimizni hayotga qaytarishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi; 

• xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘-e’tiborini yuksaltirish, o‘zbek nomini butun dunyoga tarannum etishga ulkan hissa qo‘shdi; 

• odamlarning tafakkurini o‘zgartirish, ularning ongida yangi milliy g‘oya, milliy mafkura asoslarini shakllantirish va mustahkamlash ishiga rahnamolik qildi; 

• yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni, millatlar va fuqarolar o‘rtasida totuvlik va hamjihatlikni qaror toptirish, uni saqlash hamda mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shdi; 

• mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mutlaqo yangi ta’lim-tarbiya tizimi - Kadrlar tayyorlashning milliy dasturini yaratish va uni amalga oshirishda bevosita yetakchilik qildi; 

• mahallaning davlat va jamiyat boshqaruvidagi nufuzini oshirish, vakolat va huquqlarini kengaytirish, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish tizimi sifatida uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tashabbuskori bo‘ldi; 

• yurtimizning turar joylarida yangi qurilishlar, shu jumladan, ulug‘ ajdodlarimizning qadamjolarini obod qilish, iqtisodimizning salohiyatini oshirishda katta o‘rin tutgan yirik-yirik korxonalarni bunyod etishda, ko‘pgina shahar va qishloqlarimiz, avvalambor, poytaxtimiz Toshkentning shakl-qiyofasining tubdan o‘zgarishiga bevosita rahbarlik qildi. 

• Xulosa qilib aytganda, pedentimiz Islom Karimov tomonidan O‘zbekistonimizning jahon maydonida raqobatdoshligini ta’minlashning ishonchli zamini yaratildi. 

Tabiiy fanlar fakulteti Biologiya yo‘nalishi o‘qituvchisi M. Mirzaolimov

O'qilgan: 89 marta

Biz bilan aloqa

Manzil: Namangan sh, Uychi ko'chasi 316

Mo'ljal: Namangan viloyat hokimligi

Aloqa telefonlari: 0 (369) 227-07-61

Faks: 0(369) 227-01-44

Pochta index: 160119

Web sayt: www.namdu.uz

e-mail: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.

Marshrutlar:  18-, 8-, 7- ,4- ,1- , yo'nalishdagi taksilar, 22- avtobus

Batafsil ma'lumot...

Qisqa xabarlar

Hurmatli www.namdu.uz sayti foydalanuvchilari va mehmonlari, sayt moderatorlari hamda NamDU Axborot xizmati bilan savollar va yangiliklar borasida o'rtoqlashmoqchi bo'lsangiz www.namdu.uz saytining ax@namdu.uz elektron pochta xizmatiga murojaat qilishingizni so'raymiz.
www.namdu.uz saytining "Elektron qabulxona" bo'limi to'la qonli ishga tushdi.