NAMDU

Namangan davlat universitetida o‘tkazilgan ICTPning “Chegarasiz fizika” dasturi doirasidagi xalqaro maktab o‘z yakuniga yetdi

2025-yil 6–11-oktyabr kunlari Namangan davlat universitetida ICTP (Xalqaro Teoretik Fizika Markazi)ning “Chegarasiz fizika” dasturi doirasida materiallarni modellashtirish yo‘nalishiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy maktab bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli ilmiy maktab O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlardagi fizika, kimyo hamda muhandislik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan yuqori kurs bakalavr va magistrant talabalarini birlashtirdi. Dastur davomida ishtirokchilar materialshunoslik va kvant mexanikasi asosidagi hisoblash usullarini chuqur o‘rganishdi, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda faol qatnashishdi.

Bugun ushbu xalqaro maktabning yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Sirojiddin Zaynobiddinov, shuningdek, xorijlik professorlar va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Yopilish marosimida so‘zga chiqqan universitet rektor Abdug‘affor Qirg‘izboyev o‘z nutqida:

“Ilm-fan – taraqqiyotning tayanchi, yangi O‘zbekiston poydevoridir. Olimlarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy maktablarni rivojlantirish bizning ustuvor maqsadimizdir.”
Ana shu davlat siyosati natijasida bugun mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda. ICTP tomonidan tashkil etilgan “Chegarasiz fizika: O‘zbekiston” ilmiy maktabining ilk bor O‘zbekistonda, aynan Namangan davlat universitetida o‘tkazilishi — yurtimiz ilmiy salohiyatiga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor ifodasidir.

Shuningdek, rektor o‘z nutqida ICTP markazi asoschisi, 1979-yilda fizika yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan buyuk olim Abdus Salam faoliyatini yodga oldi hamda ICTP’ning ilm-fan sohasidagi global nufuzi haqida so‘z yuritdi.

Bu yilgi, ya’ni 2025-yilgi Nobel mukofotining “Hisoblash materialshunosligi va kvant modellashtirish” yo‘nalishiga berilgani, mazkur xalqaro maktab mavzusining naqadar dolzarb va global ahamiyatga ega ekanini yanada tasdiqlaydi.

Tadbirda ishtirok etgan xorijlik olimlar orasida Isfahon texnologiyalar universiteti professori Javad Hashemifar, Tehron universiteti professori Mehdi Vaez Allaeilarning ishtiroki alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Ularning tashrifi O‘zbekiston va ICTP (Xalqaro Teoretik Fizika Markazi) o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, yosh olimlar uchun yangi tajriba va bilim almashish imkonini yaratdi.

Marosim yakunida Namangan davlat universiteti rektori tomonidan professorlar Javad Hashemifar va Mehdi Vaez Allaeilarga universitetning faxriy professori unvonlari tantanali ravishda topshirildi.

Yopilish marosimi yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirilib, ilmiy maktab doirasida erishilgan natijalar va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Home Book

"Цифровая библиотека"

www.namdu.uz

Начните обучение с системы "Электронная библиотека".

image