8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Namangan davlat  universitetida faoliyat olib borayotgan ayol professor-o‘qituvchilar hamda ishchi-xodimlar va talaba qizlar uchun tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.

Bayram tadbirida universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev so‘zga chiqib, barcha xotin-qizlarni ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy tabrikladi. O‘z tabrigida bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatdagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, rektor universitet jamoasi uchun quvonchli voqea sifatida Namangan davlat  universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori Usmonova Xurinisa Sharapovna II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni sohibasi bo‘lganini ta’kidlab, bu yutuq yurtimizda xotin-qizlarga berilayotgan yuksak e’tibor, ishonch va yaratilayotgan imkoniyatlarning yorqin natijasi ekanini e’tirof etdi.

Bayram dasturi sho‘x kuy-qo‘shiqlar, musiqiy chiqishlar bilan davom etdi. Elimiz ardog‘idagi xushovoz xonanda Jaloliddin Usmonov hamda San’atshunoslik kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan ijro etilgan diltortar taronalar tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Tadbir yakunida universitet ayollar jamoasiga bayram munosabati bilan esdalik sovg‘alari hamda bir martalik moddiy rag‘bat pullari topshirildi. Mazkur bayram tadbiri ayollarga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yana bir bor namoyon etib, barchaga unutilmas taassurotlar ulashdi.

Namangan davlat universiteti Axborot xizmati

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image