Namangan davlat universitetida «Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni» munosabati bilan davra suhbati o‘tkazildi

Ayollar va qizlarning ilm-fan bilan to‘laqonli foydalanishlariga teng imkoniyatlar yaratilishi, xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish maqsadida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan «Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar» to‘g‘risida rezolyutsiyaga asosan, 11 fevral – «Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni» deb e’lon qilingan.

Ushbu sana yurtimizda ham keng nishonlab kelinmoqda. Xususan, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, ilmiy faoliyatga jalb etish maqsadida e’tiborga molik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada olima ayollarning fanga qo‘shayotgan hissasi tobora ortib bormoqda. 

Quvonarlisi, Namangan davlat universitetida bugungi kunda 5 nafar fan doktori va professorlar, 87 nafar fan nomzodlari va falsafa bo‘yicha fan doktorlari bo‘lgan xotin-qizlar faoliyat olib borishyapti. Shuningdek, 172 nafar doktorantlar, 31 nafar mustaqil izlanuvchilar va stajor-tadqiqotchi ayollar ilmiy tadqiqot faoliyatlari bilan shug‘ullanmoqdalar.

Bugun universitetda «Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni» munosabati bilan davra suhbati o‘tkazildi. Viloyat «Olima ayollar» uyushmasi, universitet xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti va ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi hamkorligida tashkillangan davra suhbatida faol olima ayollar, doktorantlar va magistr xotin-qizlar, jumladan, ijodkor ayollar ishtirok etdi.

Davra suhbatida so‘zga chiqqan viloyat hokimi o‘rinbosari Dinara Yakubova yurtimizda xotin-qizlarga va gender tenglikni ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar, xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, viloyatimizda xotin-qizlarning oliy ta’lim bilan qamrab olinishi darajasini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

Uning ta’kidlashicha, o‘tgan o‘quv yilida viloyat miqyosida 356 nafar xotin-qizlarning oliy ta’limdan keyingi ta’limda tahsil olishlari uchun shartnoma mablag‘lari davlat budjeti hisobidan qoplab berildi. Qolaversa, 150 nafar kam ta’minlangan oila farzandlari bo‘lgan qizlarga bakalavr yo‘nalishidagi tahsil uchun ana shunday imkoniyat taqdim etilgan. 

Shuningdek, tadbirda so‘z olgan shoira Dilbarxon Haydarova ham ilmning ayol taqdiridagi ahamiyati, mamlakat olima xotin-qizlarining mamlakat taraqqiyotidagi hissasi, universitet olima ayollarining izlanishi xususida iliq fikrlarni bayon etdi.   

Darhaqiqat, Namangan davlat universitetida ham startap loyihalar tanlovlarida hamda xorijiy davlatlarga stajirovkaga yuborilayotgan yosh olimlar orasida ham ayol va qizlarning sonini ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda. Bugungi tadbir bu boradagi sa’y-harakatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Namangan davlat universiteti «Press klub»

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image