Namangan davlat universiteti va Xitoy Xalq Respublikasidagi bir qator ilmiy va ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligiga asos solinganiga bir necha yil bo‘ldi. Bu hamkorlik o‘tgan vaqt ichida serqirra va samarali ekani bilan har ikki davlat oliy ta’lim muassasalari rivojiga xizmat qilmoqda. Bu borada sezilarli natijalarga erishilayotganini ham e’tirof etish bizga yuksak mamnuniyat bag‘ishlaydi.
2018 yilda Xitoy Fanlar Akademiyasi Kungming Botanika instituti direktori, akademik Sun Xang (Sun Hang) janoblariga “Namangan davlat universiteti faxriy professori” unvoni bilan taqdirlangan bo‘lsa, o‘z navbatida, 2019 yilda Namangan davlat universitetining Biologiya kafedrasi professori, ustozimiz Sharobiddin Tojiboyevga “Kungming Botanika instituti faxriy professori” unvoni topshirildi.
Hamkorlikning eng asosiy jihati – bu jarayonning malakali kadrlar tayyorlashdagi ahamiyatidir. Bu borada Namangan davlat universiteti bitiruvchilari – biologiya fanlari doktori, akademik Komiljon Tojiboyevning Kungming Botanika instituti, Shinjon Ekologiya va geografiya instituti, Sheonojia Milliy tabiat bog‘i va ko‘plab ilmiy va ta’lim tashkilotlar bilan samarali aloqani yo‘lga qo‘yganligini alohida ta’kidlash o‘rinli.
Shuningdek, universitetimizning Biologiya kafedrasi bitiruvchilari – Ziyoviddin Yusupov va Dilmurod Mahmudjonovlar Kunming Botanika institutida Botanika ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan bo‘lsalar, Kimyo kafedrasi katta o‘qituvchisi Dilfuza Sattarova Uxan universitetida ilmiy stajirovkada bo‘lib, kimyo bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini oldi.
Ayni paytda Namangan davlat universiteti yosh olimlari O. Abdullajonov va J. Umaraliyevlar Shinjon Fizika va texnika institutida, T. Asatulloyev esa Kunming Botanika institutida tayanch doktoranturada tahsil olmoqdalar.
Shuni ham ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, Namangan davlat universitetining Noorganik kimyo kafedrasi dots.nti Olimjon Abdullayev 2014-2019 yillarda Xitoy Fanlar Akademiyasi huzuridagi Sinzs’yan Fizika va kimyo texnika institutida professor lavozimida faoliyat yuritdi. U 2017 yilda Xitoyga taklif etilgan chet ellik olimlar orasida “Eng yaxshi chet ellik olim” mukofoti va 2018 yilda XXRning Tyanshan mukofotining oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Albatta, hamkorlik samarali amaliy tashriflar bois yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Barchangizga yaxshi ma’lumki, yaqin yillar ichida Namangan davlat universitetiga xitoylik mutaxassislar ko‘p marotaba tashrif buyurishdi. Jumladan, Xitoy Fanlar Akademiyasi vitse prezidenti Djo Ju va Kunming Botanika instituti delegatsiyasi, Shinjon Ekologiya va geografiya instituti professori Ven Jun Li, Pekin shahridagi Fizika va kimyo texnika instituti professori Znangtao Zhang kabi taniqli olimlar universitetimizda bo‘lib, talabalar uchun ilmiy seminar mashg‘ulotlarini va mahorat darslarini olib borishgan.
O‘z navbatida, universitet professor-o‘qituvchilari - Biologiya kafedrasi dots.nti Davron Dexqonov ham 2023 yilda Kunming Botanika institutida o‘tkazilgan xalqaro simpoziumda ishtirok etib, lola o‘simligi muhofazasiga oid ma’ruza qilgan va bu ma’ruza simpoziumning eng yaxshi ma’ruzalaridan biri sifatida e’tirof etilgan.
Ayniqsa, Namangan davlat universiteti olimlari xitoylik hamkasblari bilan hammualliflikda ellikka yaqin ilmiy-tadqiqot natijalarini chop ettirishgani ham hamkorlikning aniq va amaliy natijalaridan biridir.
Bugun xalqaro hamkorlik borasida oldimizga nihoyatda dolzarb va muhim vazifalarni qo‘yganmiz.
Xususan, Namangan davlat universitetida Shinjon Ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Yashil innovatsion hudud”da o‘simliklarni biotexnologik usulda ko‘paytirish, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatishga ixtisoslashgan qo‘shma laboratoriyalarni tashkil etish, Kunming Botanika instituti bilan hamkorlikda qo‘shma ilmiy loyihalarni shakllantirish hamda o‘zaro har ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.
Bu ezgu rejalarning amalga oshishi va kutilgan natijalarga erishishimizga shubhamiz yo‘q. Zotan, O‘zbekiston va Xitoy mamlakatlari olimlarining maqsadlari mushtarak!
Amaliy hamkorlik va tashrif uchun Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi va muhtaram olimlarimizga Namangan davlat universitetining ko‘p ming kishilik jamoasi nomidan samimiy minnatdorligimizni bildiramiz!
Dilshodbek XOLMATOV,
Namangan davlat universiteti prorektori.