Assalomu alaykum, aziz hamkasblar, ustozlar, talaba-yoshlar!
Barchangizni musulmon olamining eng ulug‘ ayyomlaridan biri bo‘lgan Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklayman. Mehr-oqibat, ezgulik, sabr-qanoat, muruvvat, yaxshilik va saxovat ayyomi xonadonlaringizga tinchlik, farovonlik olib kelsin. Ixlos va e’tiqod bilan tutgan ro‘zalaringiz, qilgan ibodat va duolaringiz qabul bo‘lsin.
Ayni shu lahzalarda qalblarimiz ajib sururga to‘lgan. Yurtimizdagi tinchlik, obodlik, bunyodkorlik, farovonlik hamda shunday fayzli va barokatli kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga beadad shukronalar aytmoqdamiz. Chunki yaxshilik, sabr-qanoat va hamjihatlik kabi ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan Ramazon oyi va Ramazon hayiti bayramining xalqimiz hayotida tutgan o‘rni beqiyos. Bu ayyomning azaliy qadriyatlarimizni mustahkamlash va farzandlarimizni komil inson etib tarbiyalashdagi ahamiyati nihoyatda katta. Zotan, dunyo miqyosida barqarorlikka nisbatan tahdidlar jiddiy tus olayotgani bizni doimo hushyor va ogoh bo‘lib yashashga, farzandlarimizni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalashdek g‘oyat mas’uliyatli ishga har qachongidan ham ustuvor ahamiyat berishga undamoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda aks etganidek, xalqimiz uchun asrlar davomida ezgulik, mehr-oqibat, xayru saxovat, ma’naviy poklanish ayyomi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyini bu yil yurtimiz mo‘min-musulmonlari o‘zgacha shukuh va hamjihatlik bilan o‘tkazdilar.
Darhaqiqat, O‘zbekiston yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yib, barcha sohalarda o‘zgarishlar va yangilanishlar yuz bermoqda. Bu jarayonda har birimizning Vatanga sadoqat, qadriyatlarga hurmat hissi bilan faoliyat yuritishimiz o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsadlarga erishishimiz uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Qadrli professor-o‘qituvchilar, jamoamiz a’zolari, aziz farzandlarim!
Barchangizni yana bir bor ulug‘ Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Barchangizning ezgu orzu-niyatlaringiz ijobat bo‘lsin. Jonajon yurtimizda, xonadonlarimizda tinchlik va xotirjamlik, fayzu baraka bardavom bo‘lsin. O‘rtamizdagi muhr-oqibat, hamjihatlik, ahillik yo‘qolmasin. Qalblaringizdagi ilmga ishtiyoq aslo so‘nmasin, izlanishlaringiz, intilishlaringiz besamar ketmasin. Tani-sihatlik, baxtu omad doim hamrohingizga aylansin.
Ramazon hayiti qutlug‘ bo‘lsin!