Namanganda “Xalqaro kosmonavtlar kuni” nishonlandi

Fazoga parvoz qilgan birinchi inson sifatida kosmonavt Yuriy Gagarin nomi tilga olinadi. Uning ilk tarixiy parvozi 1961 yilning 12 aprelida amalga oshirilgan. Ayni shu sana butun jahon miqyosida “Kosmonavtlar kuni” sifatida nishonlanadi.

Namangan davlat universitetining fizika fakulteti tomonidan oliy o‘quv yurti talabalar turarjoyida mazkur xalqaro sana munosabati bilan tashkil etilgan tadbir yoshlarning kosmik bilimlarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutdi.

Tadbir avvalida ta’kidlab o‘tilganidek, fazoga parvozlarda bizni xursand qiladigani va ko‘ksimizni g‘ururga to‘ldiradigani fakt kosmonavtika sohasida  o‘zbek nomi ham e’tirof etilganidir. Qirg‘iz Respublikasida yashovchi, kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan fazogir Solijon Sharipov ikki marta fazoga chiqqan. U ilk bor 1998 yil 23 mart kuni kosmosga uchib, o‘n kunga yaqin fazoda bo‘lgan. Ikkinchi kosmosga safar 2004 yil 14 oktyabrda amalga oshirilgan. Mazkur parvoz 193 kun davom etgan. Solijon Sharipov 2008 yilda kosmonavtlik faoliyatini yakunlagan.

–Kulliyotimiz ellik yildan ziyod tarixga ega bo‘lib, 1972 yilda tashkil etilgan. Tabiiy fanlar, fizika-texnika, fizika-matematika, umumtexnika fanlari va badiiy grafika singari nomlarda faoliyat ko‘rsatib kelgan fakultetimiz 2020 yil oktyabrdan buyon alohida, mustaqil nomda yuritilmoqda, – deydi Namangan davlat universiteti fizika fakulteti dekani Odina Ismonova. – Hozirgi kunda fakultetimizda ikkita kafedra mavjud. Fakultetimizda fizika bakalavriyat hamda fizika (yo‘nalishlar bo‘yicha), yarimo‘tkazgichlar fizikasi, qayta tiklanuvchi energiya manbaalari va barqaror atrof-muhit fizikasi mutaxassisligini beruvchi magistratura yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanmoqda.

Bugungi kunda fakultetda 26 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib borib, ularning 11 nafari fan nomzodi va dots.nt, olti nafari falsafa doktori va to‘qqiz nafari katta o‘qituvchi va o‘qituvchilardir. Kunduzgi ta’lim yo‘nalishida 344 nafar, kechki ta’lim yo‘nalishida 154 nafar, magistratura mutaxasisliklari bo‘yicha esa 26 nafar talaba tahsil olmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya,  ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida fizika fakulteti professor-o‘qituvchilarining Namangan viloyatidagi uchta hududda tashkil etilgan fizika fani to‘garaklari va mahorat markazlarida maqsadli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Namangan shahridagi 10, 16, 22-maktablar, Kosonsoy tumanidagi 12-maktab, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 17-maktabda fakultetning 13 nafar professor-o‘qituvchisi fizika fani o‘qituvchilariga metodik yordam sifatida muallimlarning pedagogik salohiyatini oshirish, o‘qitishning yangi metodikalarini joriy etish, fanlardan bilish darajasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan uslubiy qo‘llanma, uslubiy ko‘rsatma yaratish, fizikadan masalalar ishlashga ko‘maklashishga qaratilgan mahorat darslarini o‘tmoqda. Qolaversa, o‘qituvchilar Norin tumanidagi maishiy xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi, Uychi tumanidagi jismoniy tarbiya va sport texnikumi, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi agrosanoat texnikumiga ham biriktirilgan.

Fizika fakulteti binosi 2019 yilda to‘liq ta’mirdan chiqarilgan bo‘lib, Germaniyadan keltirilgan zamonaviy o‘quv-laboratoriyalari bilan jihozlangan. Hozir mexanika, molekular fizika, elektr va magnetizm, optika, radioelektronika, elektrotexnika laboratoriyalari hamda virtual laboratoriya xonasida talabalar olgan nazariy bilimlarini amalda o‘rganib, tajribalar asosida takomillashtirib borishmoqda.

Professor-o‘qituvchi va talabalar so‘nggi yillarda turli sohalar bo‘yicha qator yutuqlarga erishib kelmoqda. Xususan, so‘nggi uch yil ichida to‘rt nafar professor-o‘qituvchi fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga erishdi. O‘n nafar professor-o‘qituvchi tayanch doktoranturaga kirib, fakultet ilmiy salohiyatiga hissa qo‘shish uchun ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Innovatsiya sohasida erishilgan yutuqlar ham tahsinga sazovor. Jumladan, o‘qituvchi Ulug‘bek Turdaliyev Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Bo‘lajak olim” tanlovida o‘zining “ECO ROBOT B1” loyihasi bilan ilmiy g‘oya yo‘nalishida g‘olib chiqib, 19 million so‘mlik mukofotga ega bo‘ldi. Talaba Dilfuza Abdusattorova “TECHNOWAYS" texnologik rivojlanish marafonining oliy o‘quv yurtlari bosqichida birinchi o‘rinni egallab, bazaviy stipendiya miqdorining uch barobari miqdoridagi mukofot hamda tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida yurtimiz miqyosida tashkil etilgan “Mirzo Ulug‘bek vorislari” Respublika tanlovida 41 nafar iste’dodli talaba o‘zining ilmiy- innovatsion g‘oya va loyihalari bilan faol qatnashdi. Ayni vaqtda tuman bosqichi natijlariga ko‘ra, 15 nafar talaba viloyat bosqichiga yo‘llanma va jami 25,5 million so‘m mukofotga sazovor bo‘ldi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image