Universitet uyushmagan yoshlarni qo‘llab-quvvatlamoqda

O‘tgan yilning aprel oyida Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha darajadagi rahbarlar, shu jumladan, oliy ta’lim muassasalari rektorlariga “og‘ir” toifaga kiruvchi, e’tiborga muhtoj 50 nafardan yoshni biriktirish va ular bilan muntazam ish olib borish topshirig‘i berilgan edi.

Namangan davlat universiteti rektoriga biriktirilgan Pop tumanida yashovchi 51 nafar yosh bilan o‘tgan davr mobaynida individual tarzda ish olib borilishi natijasida bugunga kelib har bir o‘g‘il-qizning jamiyat va hayotda o‘z o‘rnini topishiga erishildi. Ularning muayyan kasb-korga, daromadga va o‘z ish o‘rniga ega bo‘lganligi, ayrimlarining oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgani, sog‘lom hayotga qaytgani davlatimiz rahbari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan tizimning nechog‘li to‘g‘ri va oqilona yechim ekanini amalda ko‘rsatdi.  

Bu yil ham mazkur yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda. Joriy yilda Namangan davlat universiteti rahbariyati o‘ziga biriktirilgan Pop tumanidagi Toshqo‘rg‘on, Vodiy, Yangiobod va Birlashgan mahallalarida istiqomat qiluvchi 29 nafar yosh bilan ish olib boradi.

Ramazon hayiti arafasida Pop tumani Yangiobod madaniyat saroyida universitet prorektorlari, bo‘lim boshliqlari va fakultet dekanlari ishtirokida ayni shu masalaga bag‘ishlangan tashkiliy uchrashuv o‘tkazilib, unda mas’ullar va ularga biriktirilgan yoshlar va ularning ota-onalari qatnashdi.  

Uchrashuvda Namangan davlat universiteti rektori, professor Sobitxon Turg‘unov hukumatimiz tomonidan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, jamiyatda hech bir yigit-qiz e’tibordan chetda qolmasligi, buning uchun barcha imkoniyatlardan foydalanilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, e’tiborga muhtoj, ijtimoiy-moddiy jihatdan yordam zarur bo‘lgan yoshlarning muammolariga yechim izlash davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanganini e’tirof etdi.

Tadbir yoshlarning rektor bilan yuzma-yuz muloqotiga aylandi. Har bir yosh bilan suhbatlashildi va ularning hozirgi ijtimoiy ahvoli, muammosi, reja-maqsadlari tinglandi. Bu borada, ayniqsa, biriktirilgan yoshlarga shaxsan oliygoh rektori nomidan maktub yo‘llangani, unda har bir yigit-qizga yuksak ishonch bildirilgani nafaqat yoshlar, balki ota-onalar qalbida ham kelajakka ishonch tuyg‘usini uyg‘otdi.

– Endilikda, oliy o‘quv yurtimiz ma’muriyati tomonidan yoshlarning har biri bilan individual tarzda ish olib boriladi, – deydi Namangan davlat universiteti “Press-klubi” rahbari Sanjarbek Hamidov. – Mahalladagi uyushmagan o‘g‘il-qizlarning muammo va qiyinchiliklari chuqur o‘rganilib, hal etish choralari ko‘riladi, bo‘sh vaqtlarining mazmunli o‘tishi ta’minlanadi, zararli odatlarini tark etib, sog‘lom hayotga qaytishlari uchun barcha imkoniyat ishga solinadi. Xorijiy migratsiyadan qaytib kelgan yoshlar o‘z ish o‘rniga ega bo‘ladi.  

Uchrashuvdan so‘ng mas’ullar o‘zlariga biriktirilgan yoshlarning oiladagi shart-sharoiti va muammolarini o‘rganishga kirishdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image