Buning uchun davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosiga jiddiy kirishmog‘imiz kerak!
Namangan – boshqa viloyatlarga nisbatan imkoniyatlari keng viloyat. Sersuv, hosildor yerlarimiz ko‘p. Xalqimiz ham mehnatkash, tadbirkor, hunarmand. Ularning mehnati va fidoyiligi bilan Namanganda hayot o‘zgarmoqda. O‘tgan 7 yilda viloyat iqtisodiyoti 2 barobar, eksport 3 karra o‘sib, jon boshiga daromad 15,5 million so‘mga yetdi. 65 trillion so‘m investitsiya hisobiga 600 ming ish o‘rni yaratildi.
Ayni paytda esa mana shu imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish, hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanish borasida yangi qadamlarni tashlash, har sohada mas’uliyatni yanada oshirish vaqti keldi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 25-26 mart kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida xuddi shunday dalillar asosida qator sohalar tahlil qilindi va nihoyatda dolzarb vazifalar belgilab berildi. Shu bilan birga, Namanganda mavjud salohiyat va imkoniyatlarni to‘liq ishga solinishi bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Jumladan, Prezidentimiz tomonidan mas’ullarning har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlashi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Sayxunobod misolida Uychi tumanidagi 56 ta mahallada ishsizlik va kambag‘allikdan holi hududga aylantirish, tomorqadan 60-70 million so‘m daromad olish bo‘yicha namuna yaratish topshirildi.
Bu – juda katta e’tibor va imkoniyat. Ba’zi xonadonlar, mahallalar har qarich yerdan unumli foydalanayotganiga, mavsumda yerdan bir necha marotaba hosil olishga erishayotganiga guvohmiz. Aksar mahallalar dehqonchilikni o‘z drayveriga aylantirishga ham ulgurgan. Biroq bugungi kunda yaratilgan imkoniyatlarga nisbatan buni yetarli emasligi ham bor gap. Davlatimiz rahbarining 35 ming xonadonga gulchilik, issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, uzumchilik, qulupnay, kartoshka yetishtirishga ko‘maklashish maqsadida yetarli miqdorda kreditlar ajratilishi haqidagi ko‘rsatmasi minglab oilalar farovonligini oshirishga xizmat qilishi, shubhasiz.
Tashrif davomida davlatimiz rahbari tomonidan shahar va mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalari ham muhokama qilinib, aholi zichligi katta bo‘lgan Namangan viloyatida uy-joy qurish ishlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Ma’lumki, ikki yil oldin 1 ming 203 gektarda 200 ming aholi uchun “Yangi Namangan” shahri qurilishi boshlangan. Joriy bosqichda 20 ming xonadonli turar-joy, IT-park, mehmonxona, biznes markazi, shuningdek 68 gektarda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” qurilishi boshlanadi. Shuningdek, Chust va Pop tumanida 10 ming aholi uchun “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishiga start beriladi.
Bu aholisi jadallik bilan ko‘payib borayotgan, millioninchi shaharlar qatoridan o‘rin olayotgan Namangan uchun ayni muddaodir. Bunyodkorliklar ko‘plab yoshlar va yosh oilalarni nafaqat ish bilan, balki turar-joy bilan ham ta’minlaydi.
Endilikda viloyatimizda turizm sohasi ham rivojlanadi. Prezidentimiz mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini keskin o‘sishi uchun transport sohasida imkoniyatlarni ham to‘liq ishga solish lozimligini aytib o‘tdi. Transport vazirligiga bayram kunlari avia va temir yo‘l reyslari sonini 2 barobar oshirish, Namangan yoki Farg‘onaga uchish grafigini qayta ko‘rib chiqib, vodiyga har kuni bo‘ladigan avia reyslarni ko‘paytirish topshirildi. Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Namanganni Buxoro va Samarqand bilan bog‘lovchi temir yo‘l reyslari, “Namangan-Pop-Chodak” yo‘nalishida har kuni ekspress yo‘lovchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.
Bu borada belgilab berilgan vazifalar to‘laqonli amalga oshirilishi kerak. Mazkur jarayonda turizm sohasi uchun yetarli darajada mutaxassislar tayyorlash vazifasi tug‘iladi.
Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlandiki, viloyatda 6 ta davlat va 3 ta xususiy oliygoh bor. Ular ichida yetakchi bo‘lgan Namangan universitetidagi 71 ta ta’lim yo‘nalishi 56 taga kamaytirilib, yangi adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlanadi. Ta’lim sifatini oshirish uchun o‘quv dasturlari yangilanadi, dedi davlatimiz rahbari.
Bugungi kunda ko‘rsatib berilgan vazifalardan kelib chiqib, Namangan davlat universiteti ham muayyan chora-tadbirlarni belgilab oldi. Texnologiya, biotexnologiya, tuproqshunoslik, suv resurslari, turizm kabi qator yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha dastlabki qadamlar tashlandi. Ayni paytda universitetda ta’lim yo‘nalishlari klassifikatori, malaka talablari ko‘rib chiqilib, qo‘shimcha takliflar tayyorlanmoqda.
Qolaversa, tashrif jarayonida viloyatdagi 16 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazi tarqoq holda 6 ta tuman va shaharda joylashgani, oqibatda bemorlar bir shifoxonadan ikkinchisiga sarson bo‘lib, ortiqcha puli va vaqtini sarflayotgani, shu bois bu 16 ta markaz negizida 3,5 ming o‘ringa ega 2 ta – birinchi va ikkinchi Namangan tibbiyot markazlari tashkil etilishi ta’kidlandi. Bunda shoshilinch va boshqa tibbiy xizmatlar, diagnostik tekshiruvlar hamda tor soha mutaxassislarini bir joyga jamlash, aholiga tunu-kun xizmat ko‘rsatish imkoni yaratiladi. Avstriya bilan hamkorlikda Namangan shahrida zamonaviy gemodializ markazini ishga tushirish rejalashtirildi.
Shuningdek, mamlakatimizda infarkt va insult asorati oqibatida faol hayoti cheklangan aholini tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya bilan to‘liq qamrab olish muhimligi qayd etildi. Bu boradagi ishlarni yaxlit tizim asosida tashkil qilishga ko‘rsatma berildi. Shu munosabat bilan mutasaddilarga insult va jarrohlik amaliyotidan so‘ng reabilitatsiya qilish bo‘yicha yagona milliy tizim yaratish, televideniye, radioda sog‘lom turmush, to‘g‘ri ovqatlanish targ‘ibotini kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Ma’lumki, bu vazifalar ham bizning faoliyatimizga daxldor. Universitetda hozirda bir necha yo‘nalishda tibbiyot xodimlari tayyorlanmoqdaki, yuqoridagi vazifalarning ijrosi tibbiyot sohasiga yetuk kadrlar tayyorlashni taqozo etadi. Hozirgi kunda universitetdagi mazkur yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalarning nazariy bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida viloyatdagi tibbiyot muassasalarida amaliyot o‘tashlari uchun ko‘proq imkoniyat berish, laboratoriya jihozlarini yanada ko‘paytirish, malakali tibbiyot xodimlarini o‘quv jarayoniga jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bular davlatimiz rahbari tashrifi chog‘idagi tahlillar va vazifalarning ayrimlari, xolos. Prezidentimiz tomonidan aytib o‘tilgan fikrlar, takliflar, topshiriqlar aslida Namangan viloyatining buguni, ertasi va kelajagi uchun qo‘yilgan mustahkam poydevordir. Agar har birimiz o‘z vazifamizga vijdonan yondashib, shijoat bilan mehnat qilsak, ko‘zlagan maqsadlarimiz va muvaffaqiyatlarga to‘laqonli erishamiz.
Narimon DЕHQONOV,
Namangan davlat universiteti birinchi prorektori, siyosiy fanlar doktori.