• shape
  • shape
  • shape
team

Abdurahmanov Botirjon Mirzamahmudovich

Namangan davlat universitetida (sobiq pedagogika instituti) viloyat o’rta umumta’limi maktablarining extiyojlarini e’tiborga olib geografiya o’qituvchisi tayyorlash ilk bor 1969–1970 o’quv yilidan boshlandi. SHu davrga qadar viloyatimiz maktablarida ishlayotgan geografiya fani o’qituvchilarining asosiy qismi Farg’ona davlat pedagogika institutida, hamda mamlakatimiz va qo’shni davlatlarning oliy o’quv yurtlarida tahsil olishgan edi. 

1969-1970 o’quv yili kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan 25 nafar abiturientlarni yangi ochilgan o’rta umumta’lim maktablarining “Tarix-geografiya” o’qituvchisi mutaxassisligiga qabul qilindi.  “Tarix-geografiya” o’qituvchisi tayyorlash o’quv rejasidagi geografiya o’qituvchisi mutaxassisligiga doir fanlar «Boshlang’ich ta’limi metodikasi» kafedrasida faoliyat ko’rsatayotgan geograf-o’qituvchilar: katta o’qituvchi Yoqubjon Uzaqov, Abbosxon Nodirov, o’qituvchilar – To’lqinboy Yo’ldoshev va Tursunboy Mallaboevlar tomonidan olib borilar edi. 

1975 yili Namangan davlat pedagogika instituti rektori, professor M.M.Mamatov tashabbusi bilan geografiya kafedrasi tashkil etildi. Kafedraga katta o’qituvchi (keyinchalik qishloq xo’jaligi fanlari nomzodi, dotsent va biologiya fanlari doktori, professor) A.Maqsudov rahbarlik qildi. Kafedra tashkil etilgan davrda 2 nafar ilmiy darajali va unvonli hamda 8 nafar o’qituvchilar jamoasi ishlar edi. A.Maqsudov rahbarligida kafedra a’zolari «Farg’ona vodiysi ishlab chiqaruvchi kuchlarini hududiy tashkil etish va rivojlantirishning tabiiy, iqtisodiy-ijtimoiy va ekologik shart-sharoitlari» mavzusidagi uzoq muddatga mo’ljallangan majmuali ilmiy – tadqiqot ishi yuzasidan ilmiy izlanishlar olib bordilar. 

A.Maqsudov 1975-1985 yillar davomida kafedraga rahbarlik qilib,  o’quv – tarbiyaviy va ilmiy – uslubiy ishlarni tashkil etish va rivojlantirish, yetuk ilmiy – pedagogik mutaxassislar tayyorlash ishlarining poydevorini qo’ydi. Natijada A.Maqsudov mudirligi davrida T.Mallaboev «Farg’ona vodiysi yirik shaharlari aholi punktlari tizimida» (1982), O.Abdullaev «Farg’ona vodiysi chorvachilik tarmoqlarini hududiy tashkil etish va kelajakda yanada takomillashtirish muammolari» (1983), A.Qozoqov «Namangan viloyatining shimoliy-g’arbiy qismida eroziya havfi bo’lgan yerlar va tuproqlarni eroziyadan himoya qilish yo’llari» (1983) mavzularidagi nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi va kafedraning ilmiy salohiyati yuksaldi.  

Namangan davlat pedagogika instituti rektorati va jamoat tashkilotlari geografiya kafedrasini boshqarishni geografiya fanlari nomzodi, dotsent T.Mallaboevga topshirdi. Dotsent T.Mallaboev geografiya – biologiya va sport fakulьteti dekani lavozimiga tayinlanishi munosabati bilan 1986 yilidan boshlab kafedrani qishloq ho’jaligi fanlari nomzodi, dotsent A.Qozoqov boshqara boshladi. A.Qozoqov kafedraga rahbarlik qilgan yillarda (1986 o’quv yilidan 1992 yilgacha) R.Xoliqov «Farg’ona vodiysi landshaftlarining inson xo’jalik faoliyati ta’sirida o’zgarishi» (1989), M.Mo’minov «O’zbekiston tabiiy geografiyasini o’rganishda suv resurslaridan foydalanish  va muhofaza qilishda ekologik bilimlarni shakllantirish» (1990), H.Murodov «O’rta Osiyo tog’ oralig’i botiqlari tuproq qoplamini aero va kosmik sur’atlar bo’yicha deshifirofka qilish» (1991) mavzularidagi nomzodlik, O.Abdullaev «Agrosanoat ishlab chiqarishining respublikalararo (davlatlararo) shakllanishi va rivojlanishining yo’nalishlari» mavzusidagi doktorlik (1991), A.Haydarov «O’zbekistonning Farg’ona iqtisodiy rayoni sanoat tugunlarining shakllanishi va rivojlanishi» (1992), M.Mahmudova «Farg’ona vodiysida bog’dorchilik va uzumchilikni rivojlantirish va hududiy tashkil qilishni takomillashtirish» (1993) mavzularidagi nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. SHuni alohida ta’kidlash joizki, 1991 yilda Farg’ona Davlat universitetiga ishga taklif etilgan A.Maqsudov va G’.Yo’ldoshevlarning 1993 yilda himoya qilgan doktorlik dissertatsiyalari ham yuqoridagi kompleks mavzu tarkibiga kirib, ularning ilmiy – tadqiqot ishlari bevosita Namangan Davlat universitetining geografiya kafedrasida bajarilgan edi.

1992-1998 yillari geografiya kafedrasiga iqtisod fanlari doktori, professor O.Abdullaev mudirlik qildi. Bu yillar davomida K.Boymirzaev «Farg’ona vodiysi voha landshaftlarining agroirrigatsion yotqiziqlari va ulardan oqilona foydalanish» (1995) va SH.Jumaxanov “Namangan viloyati aholisi hududiy tarkibini takomillashtirish“ (1998) mavzularidagi nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. 

1999-2006 yillarda kafedrani geografiya fanlari nomzodi, dotsent K.Boymirzaev boshqardi. SHu yillar orasida H.Mirzaaxmedov “Qo’shma korxonalarni xududiy tashkil etish va rivojlantirish” (Namangan viloyati misolida, 2003), A.Nazarov “Tabiatdan foydalanishning ekologik-geografik asoslari” (Namangan viloyati misolida, 2004) mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilishdi. 

2006-2007 yillar davomida geografiya kafedrasiga mudir etib dotsent T.Mallaboev tayinlandi. Bu qisqa davrda O.Mirzamahmudov “SHimoliy Farg’ona adirlarining landshaft - ekologik sharoitini baholash” (Namangan viloyati misolida, 2007), A.Baratov “Namangan viloyatida suv ho’jaligini tashkil etish va uning samaradorligini oshirish masalalari” (Namangan viloyati misolida, 2007) nomzodlik ishlari, B.Kamalov esa “O’zbekistonda gidrometeorologik jarayonlarga faol ta’sir etish” mavzusidagi (2007) doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. 

Universitetda ekologiya yo’nalishi hamda magistratura mutaxassisligining tashkil topishi natijasida 2008 yilning may oyidan boshlab geografiya kafedrasining nomi “Geografiya va ekologiya asoslari” deb o’zgartirildi. Keyingi yillarda Geografiya va ekologiya asoslari kafedrasini geografiya fanlari doktori, professor B.Kamalov (2009 yil), pedagogika fanlari nomzodi, katta o’qituvchi M.Mo’minov (2010 yil) va geografiya fanlari nomzodi, katta o’qituvchi A.Baratov (2011-2014 yillar) boshqardilar.

2014 yilning sentyabr oyidan boshlab geografiya va ekologiya asoslari kafedrasi “Geografiya” hamda “Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi” kafedralariga ajratildi. Kafedrani geografiya fanlari nomzodi, katta o’qituvchi O.Mirzamahmudov boshqardi. 

2015-2020 yillarda geografiya kafedrasi mudiri sifatida dotsent X. Mirzaaxmedov, 2020-2021 yillar dotsent K. Boymirzaev, 2021-2022 yillarda dotsent E. Soliev, I. Solievlar faoliyat olib bordilar. 2022 yil noyabr oyidan kafedrasi mudiri sifatida dotsent B. Abduraxmonov faoliyat olib bormoqda.

Geografiya kafedrasi professor-o’qituvchilari 2020-2023 yillar oralig’ida 2 ta fan doktorligi (K. Boymirzaev, SH. Jumaxanov), 2 ta falsafa doktorligi (B. Abduraxmonov.                      I. Mirzaxmedov) ilmiy tadqiqot ishlarini yakunlab, dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qildilar. 2 nafar professor-o’qituvchi professor (M. Maxmudova) va dotsent (B. Abduraxmonov) ilmiy unvonini oldilar. 

Kafedra 2023-2024 o’quv yilini quyidagi professor o’qituvchilar tarkibida ish boshladi: g.f.d. (DSc), prof. K.Boymirzaev, g.f.n., prof. M.Mahmudova, g.f.d., (DSc) dotsent SH.Jumaxanov, g.f.n. dotsentlar A.Baratov, X.Mirzaahmedov, E. Soliev, p.f.f.d.(PhD)                      B. Abduraxmonov, g-m.f.f.d.(PhD) dotsent I. Soliev, g.f.f.d.(PhD) katta o’qituvchi                               I. Mirzaxmedov, o’qituvchi J. Makulov, I.Akaboev, stajyor-o’qituvchilar I.Turdaliev,                        O. Abduraxmonov, X. Naimov, B. Mirabdullaev. 

Kafedrada 60530400-Geografiya, 60520200-Meteorologiya va iqlimshunoslik yo’nalishlarida bakalavr, 70530402-Geografiya (oʻrganish obyekti boʻyicha) mutaxassisligida magistrlar tayyorlanadi. 11.00.01-Tabiiy geografiya  ixtisosligi bo’yicha tayanch doktorantura faoliyat ko’rsatib kelmoqda. 

Kafedra professor-o’qituvchilari tomonidan bajarilgan va olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining barchasida mamlakatimizdagi aholi eng zich joylashgan, tabiiy landshaftlar qadim o’tmishdanoq o’zlashtirilgan va inson tomonidan kuchli o’zgartirilgan, ekologik vaziyat keskinlikka yuz tutayotgan xudud Farg’ona vodiysining tabiiy komplekslari, aholisi, ijtimoiy-iqtisodiy holati tahlil qilinadi va ulardan maqsadga muvofiq ravishda foydalanish masalalari ilgari suriladi. Kafedrada quyidagi yo’nalishlarda ilmiy maktablar shakllanmoqda: Tabiiy geografiya, landshafshunoslik va ekologiya (K.Boymirzaev, I.Mirzaxmedov), Iqtisodiy geografiya va aholishunoslik (M.Mahmudova, SH.Jumaxanov, X.Mirzaahmedov, A.Baratov), Gidrologiya, meterologiya va iqlimshunoslik (E.Soliev, I. Soliev), Geografiya ta’limi metodikasi (B. Abduraxmonov). Bu maktablarning ishtirokchilari J.Makulov, I.Akaboev,                                M.Otamirzaeva, X.Naimov, I.Turdaliev falsafa doktorligi ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar.

Geografiya kafedrasida shu kunga qadar 7 nafar fan doktori va professorlar, 16 nafar fan nomzodlari va dotsentlar yetishib chiqdi. 1200 dan ortiq ilmiy va uslubiy ishlar, jumladan 15 dan ortiq monografiya, 45 ta o’quv qo’llanmalari, 60 ta uslubiy qo’llanma va tavsiyalar, 1000 dan ortiq ilmiy, uslubiy va ommabop maqolalar xorij va mamlakatimizning turli nashrlarida chop etildi. 

Geografiya kafedrasi 2023 yil oktyabr oyida “Geografiya fani va raqamli iqtisodiyot: muammo va istiqbollar” mavzuidagi xalqaro anjuman, 2024 yil fevral oyida Rossiya Federatsiyasi Ta'lim vazirligi tasarrufidagi Blagoveshchensk davlat pedagogika universiteti va Moskva davlat pedagogika universiteti Geografiya ta`limi metodikasi kafedralari bilam xamkorlikda “Maktab ta'limining dolzarb muammolari” mavzuidagi xalqaro anjuman tashkil etdi.

Geografiya kafedrasi Respublikamizda Geografiya ixtisosliklari bo’yicha faoliyat ko’rsatayotgan Ixtisoslashgan Ilmiy Kengashlari taklifiga asosan yetakchi tashkilot sifatida muxokamalarni o’tkazdi va 20 ga yaqin tadqiqotchilarning ilmiy ishlariga tegishli xulosalarini berdi. 

Kafedra professor-o’qituvchilari horijiy ilmiy stajirovka va sayyor mahorat mashg’ulotlarini tashkil etish masalalarida ham ijobiy natijalarga erishmoqdalar. Jumladan, kafedra dotsenti B. Abduraxmonov 2019 yilda A. I. Gertsen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetida ilmiy stajirovkada bo’lgan bo’lsa, 2022 yilda dotsentlar                               K. Boymirzaev, I. Soliev Abay nomidagi Qozoq davlat pedagogika universitetida, 2021-2024 yillar mobaynida dotsentlar X. Mirzaaxmedov, B. Abduraxmonov, o’qituvchi I.Akaboev va                  I. Turdalievlar Osh davlat universitetida ma’ruzalar, uchrashuvlar tashkil etmoqdalar.

Geografiya kafedrasi respublika va viloyatdagi 10 ga yaqin tashkilotlar (O’zGidrometeo xizmat, O’zGIPROZEM, O’zDAVER loyiha, Norin-Sirdaryo suv havza boshqarmasi, MMTB, O’zbekiston ekologik partiyasi, Milliy tiklanish demokratik partiyasi viloyat kengashi, Demokratik islohotlarni tahlil qilish viloyat departamenti kabi) bilan hamda 20 ga yaqin respublikamiz va horijiy OTM va ilmiy-tadqiqot institut va markazlari (Rossiya Federatsiyasi, Hindiston, Ozarbayjon, Qozog’iston, Turkiya, Qirg’iziston kabi), ilmiy-uslubiy jurnallar taxririyatlaribilan o’zaro manfaatli hamkorlik aloqalrini o’rnatgan.

Kafedra professor-o’qituvchilari Namangan viloyatidagi kasb-hunar maktablari, umumiy o’rta ta’lim maktablari, Prezident ta’lim muassasalari Agentligi tasarrufidagi maktablar bilan ham hamkorlik aloqalarini o’rnatgan. Kafedra professor-o’qituvchilari “Mobil metodik guruxi” tarkibida qator ilmiy-uslubiy ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar. 

Geografiya kafedrasi professor-o’qituvchilari, tadqiqotchi-olimlari O’zMTRK Namangan viloyati televideniesi va radio efirlarida ham chiqishlar qilmoqdalar. 

Geografiya kafedrasi professor-o’qituvchilari O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g’risida»gi Qonuni, Prezident Farmonlari, Qarorlari, OTFIV buyruqlaridan kelib chiqadigan vazifalarni bajarish va hayotga tadbiq etish ishlarini izchil olib bormoqdalar. 

Namanganda Geografiya kafedrasi tashkil topganiga 2025 yil sentyabr oyida 50 yil to’ladi. Kafedra jamoasi mazkur faoliyatning 50 yilligiga bag’ishlangan jarayonlarga tayyorgarlik ko’rmoqda

Ma'lumotlar

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image