NAMDU

Odatda quyosh panellari foydalanilayotgan imoratlarning tom qismiga o‘rnatiladi. Bunda panelga quyosh nurlarining ko‘proq tushishi hisobga olingan, albatta.

Namangan davlat universiteti fizika fakultetining 3-bosqich talabasi Xurshida Normirzayeva ixtiro qilgan yangi qurilma esa kungaboqar ko‘rinishida bo‘lib, to quyosh chiqishidan botishiga qadar harakatlanishi borishi tufayli an’anaviy panellarga nisbatan ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Yangi texnologiyaning bir donasi kuniga maksimal 30 kilovattgacha energiya to‘plashi mumkin. Bu bir xonadonni sutka davomida to‘liq energiya bilan ta’minlashga yetadi.

— Odatdagi quyosh panellarining yuqori samaradorlikda ishlash vaqti 6 soat bo‘lib, bu vaqt mobaynida 18 kVt elektr energiyasini olish imkonini beradi, — deydi Xurshida Normirzayeva. — Mening «Kungaboqar»imning ishlash vaqti esa 10 soatni tashkil qiladi. Ayni vaqt ichida 26,5 kVt elektr energiyasini olish mumkin. Ya’ni, bu qurilmaning foydalilik ish koeffitsenti 8,5 kVt, foizlarda hisoblaganimizda, 47 foizga teng. Qurilmaning yana bir afzalligi shundaki, bu uning yorug‘lik sezgirligi tufayli 180 darajaga burila olishidir.

Xurshida ixtiro qilgan qurilmaning boshqa jihati uning himoya tizimi bilan ta’minlanganidir. Sababi, quyosh panellari doimo bir joyda turishi natijasida uning yuqori qismini yozda chang, qishda qor qoplaydi. Bu uning samaradorligi va sifat ko‘rsatkichlarini pasaytiradi.

«Kungaboqar» quyosh botganda avtomatik ravishda yig‘iladi va boshlang‘ich holatga qaytadi. Quyosh chiqishi bilan esa yana «ochiladi». Kuchli yomg‘ir va qor yog‘ib, energiya olish imkoni juda past bo‘lgan holatda ham himoya tizimi ishga tushadi.

Ko‘rinib turibdiki, talaba yaratgan qurilma ancha takomillashtirilgan va unda samaradorlik oshirilgan. Agar u ishlab chiqarishga tatbiq etilsa, energetika sohasida katta imkoniyatlarni taqdim etishi mumkin.

image

"Цифровая библиотека"

www.namdu.uz

Начните обучение с системы "Электронная библиотека".

image