«Namangan haqiqati» gazetasining 2026-yildagi ilk sonida gazeta Bosh muharriri Xurshid Fayziyev hamda Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev o‘rtasidagi mazmunli suhbat e’lon qilindi.
Mamlakatimizda oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilm-fanni rivojlantirish, o‘qitishning zamonaviy shakl va texnologiyalarini joriy etish biyicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada iqtisodiyotning real sektori va ijtimoiy soha ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda hududlarda zamonaviy o‘quv bosqichlari joriy etilib, talab yuqori bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Binobarin, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarda Vatanimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, yurt ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shuvchi malakali kadrlar tayyorlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Suhbatdoshimiz: Namangan davlat universiteti rektori, tarix fanlari doktori, professor Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV.
— Abdug‘affor Karimjonovich, 2025-yil yakunlandi. Ayni sarhisob mavridida o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar tafsiloti bilan suhbatni boshlasak.
— Prezidentimiz tomonidan oliy ta’lim sohasida sifat o‘zgarishlarini ta’minlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega raqobatbardosh kadrlar tayyorlash strategik ahamiyatga ega ekanligi bir necha bor ta’kidlangan. Ana shu ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, 2025-yil Namangan davlat universiteti uchun ta’lim sifati, ilmiy salohiyat, moddiy-texnik bazani yanada mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yili bo‘ldi. Bunda ta’lim jarayonini xalqaro standartlar talablari asosida takomillashtirish, zamonaviy moddiy-texnik bazani yangilash va mustahkamlash, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, raqobatbardosh va yuqori malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyatining sifati va samaradorligini tubdan yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi. Ayni paytda universitetda 16 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. 27 ta kafedrada 593 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritib, ularning 52 nafari fan doktori (DSc), professorlar, 257 nafari fan nomzodi (PhD), dotsentlardir. Milliy va xalqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul hajmlari kengaytirilib, professor-o‘qituvchilar tarkibining sifati yaxshilandi. Jumladan, joriy o‘quv yilidan iqtisodiyot sohasida 2 ta, san’at sohasida 5 ta, sport faoliyati bo‘yicha 7 ta, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida 3 ta ta’lim yo‘nalishlari, yuridik sohada esa “Davlat boshqaruvi huquqi” va “Mehnat huquqi” magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Joriy o‘quv yilidan boshlab universitet tarixida ilk bor 8 ta yo‘nalish bo‘yicha masofaviy ta’lim shaklida talabalar qabuli amalga oshirildi. Natijada 2025-yilda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari 24 tadan 43 taga, magistratura mutaxassisliklari esa 10 tadan 26 taga yetkazildi.
— Ta’lim sifatini oshirishning o‘quv adabiyotlari sifatiga bevosita bog‘liqlik jihatlari bor. Shu bilan birga o‘quv dasturlari ham bugunning talabi darajasidami?
— Davlatimiz rahbarining 2024-yilda Namangan viloyatiga tashrifi davomida Namangan davlat universitetida o‘qitiladigan ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv dasturlarini yangilash va yangi adabiyotlar bilan ta’minlash bo‘yicha alohida vazifalar belgilab berilgan edi. Shuning ijrosi doirasida 2025-yildan o‘quv jarayonini xalqaro yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari ta’lim dasturlariga transformatsiya qilishga alohida e’tibor qaratildi. Masalan: 2024-2025 o‘quv yilida 92 ta, 2025-2026 o‘quv yilida esa 218 ta mutaxassislik fanlarining o‘quv dasturlari xalqaro “TOP-300” reytingiga kiruvchi nufuzli universitetlar ta’lim dasturlari asosida ishlab chiqildi. Bu jarayonda xalqaro“TOP-300” reytingidagi 72 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasining 442 ta ta’lim dasturi tahlil qilinib, o‘quv dasturlarida 103 ta mavzu optimallashtirildi, 256 ta yangi mavzu shamda 281 ta yangi avlod o‘quv adabiyotlari joriy etildi. Xalqaro ta’lim dasturlari jarayonini jadallashtirish maqsadida B2 va C1 darajalarda bepul ingliz tili kurslari tashkil etilib, ularga 100 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi jalb etildi.
O‘tgan yil sentyabr oyida Namangan shahri Yuksalish mavzesida 2000 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda respublika oliy ta’lim muassasalarida jami 5100 o‘rinlik yangi o‘yuv binolari foydalanishga topshirilgan bo‘lib, shundan 2000 o‘rni yoki 40 foizi Namangan davlat universiteti hissasiga to‘g‘ri keladi. Kimyo, biologiya, fizika va ekologiya yo‘nalishlari uchun Islom taraqqiyot banki loyihasi doirasida 518 000 dollarlik 78 turdagi laboratoriya jihozlari shuningdek, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida 363 dona kompyuter, 50 ta noutbuk, 27 ta interaktiv doska, 47 ta zamonaviy minbar, boshqa maxsus mebellar va jihozlar o‘quv jarayoniga tatbiq etildi.
— Oliy ta’limda ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini oshirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish va ilm-fanning innovatsion infratuzilmasini shakllantirish holatidan ko‘ngil to‘ladimi?
— Ta’lim jarayonini ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda talabalarda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish bilan uyg‘unlikda tashkil etish maqsadida 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab 5 kunlik ta’lim haftasiga o‘tildi. Ya’ni haftaning bir kuni pedagog xodimlar uchun ilmiy-tadqiqot ishlari, talabalar uchun esa mustaqil ta’lim bilan shug‘ullanishga yo‘naltirildi. Axborot-resurs markazining umumiy kitob fondi 278 682 nusxaga yetkazildi. Uning 57,4 foizi darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 15,4 foizi ilmiy, 16,7 foizi badiiy hamda 10,5 foizi boshqa turkum va maxsus adabiyotlardan iborat. Bularning 100 foizi elektron formatga o‘tkazildi. Resurs markazini boyitish maqsadida 1324 nomdagi umumiy moliyaviy hajmi 238 920,79 AQSH dollari bo‘lgan o‘quv va ilmiy adabiyotlar xarid qilindi. Yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratishda professor-o‘qituvchilarning faolligi sezilarli darajada oshdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 1,3 martaga ko‘pdir. Ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 58,1 foizga yetdi. Shu davrda fan doktorlari tarkibi 17 foizga, fan nomzodlari va falsafa doktorlari (PhD) esa 23 foizga ko‘paydi.
— Oliy ta’lim muassasasi ilmiy salohiyatini yuksaltirishda e’tirof yoki namunaga loyiq muayyan mezon yoki ko‘rsatkichlari bormi? Umuman, ixtirolar va patent, mualliflik guvohnomalari haqida nima deyish mumkin?
— Prezidentimizning 2019-yil 8-oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2030-yilga qadar oliy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyatini 70 foizga yetkazish vazifasi belgilangan. Hozirda universitetning Tarix, Ijtimoiy fanlar, Geografiya va atrof-muhit muhofazasi, Kimyo, Fizika hamda Biologiya kafedralarining ilmiy salohiyati 75 foizdan oshishiga erishildi. 2025-yilda falsafa doktori darajasi uchun dissertatsiyalar himoyasi ulushi 36 foizga, fan doktori darajasi uchun esa 28 foizga oshdi. 2026-yilda dissertatsiya himoyalari sonini joriy yilga nisbatan 1,5 barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Yakunlangan yilda universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan jami 105 ta monografiya hamda 3728 ta maqola va tezislar chop ettirildi. Ularning 172 tasi Scopus va Web of Science xalqaro bazalarining Q1, Q2, Q3 kvartallariga kiruvchi nufuzli jurnallarda, 503 tasi boshqa xalqaro bazalarda, 746 tasi OAK jurnallarida, 861 tasi xalqaro va 835 tasi respublika konferensiyalarida e’lon qilindi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobarga oshdi. 2026-yilda mazkur yo‘nalishdagi natijalarni o‘rtacha 2 barobarga oshirish belgilangan. Professor-o‘qituvchilari tomonidan 3 ta ixtiro, 39 ta foydali model, 3 ta sanoat namunasiga patent hamda 82 ta dasturiy ta’minot uchun mualliflik guvohnomalari olindi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 1,5 barobarga, xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlar soni avvalgi yilga nisbatan 2 barobarga oshdi.
— Ta’limda yoshlarni ma’nan barkamol shaxs sifatida shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda va iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash tizimli yo‘lga qo‘yilgan deyish mumkinmi?
— Yoshlarda ma’naviy-axloqiy fazilatlarni, milliy qadriyatlarga hurmat, insonparvarlik va yuksak ma’naviy g‘oyalar asosida vatanparvarlikni shakllantirish hamda ularda yot g‘oya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlash doimiy diqqat-e’tiborimizda. Qolaversa, iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘yicha tizimli va uzluksiz faoliyat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur jarayon kompetensiyaviy yondashuv shamda individual rivojlanish trayektoriyalari asosida amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 35 ta ilmiy seminar va o‘quv mashg‘ulotlari, 8 marta ilmiy-innovatsion ko‘rgazmalar hamda 2 marta «Yoshlar akademiyasi» forumi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomdor davlat stipendiyasi sohiblari soni 24 foizga oshdi. Respublika va xalqaro miqyosda o‘tkazilgan nufuzli tanlovlarda talabalar tomonidan qo‘lga kiritilgan sovrinlar miqdori 241,4 million sO‘mni tashkil etib, bu o‘tgan yilga nisbatan 60 foizga ko‘pdir. 100 nafardan ortiq talaba sportning 10 ta turi bo‘yicha O‘zbekiston va jahon chempionatlari, shuningdek, O‘zbekiston va Osiyo kubogi musobaqalarida ishtirok etib, oltin va kumush medallarga sazovor bo‘ldi.
— Xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda natijadorlik nimalarda namoyon?