Namangan davlat universiteti Tibbiyot fakulteti Qozogʻiston oliy ta’lim muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

Ayni kunlarda Namangan davlat universiteti Tibbiyot fakulteti dekani, tibbiyot fanlari doktori, professor Gʻ. Abdullayev Qozogʻiston Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Al-Forobiy nomidagi Qozogʻiston Milliy universitetida xizmat safari bilan bo‘lib turibdi.

Mazkur tashrif doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilari ishtirokida qator rasmiy uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlar davomida tibbiyot ta’limini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish, shuningdek, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, malaka oshirish kurslarini tashkil etish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishdilar.

Tashrif doirasida Al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti Tibbiyot fakulteti dekani, tibbiyot fanlari doktori, professor Kalmahanov Sundetgali Berkinuli bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.

Shuningdek, Namangan davlat universiteti delegatsiyasi Asfendiyarov nomidagi Qozog‘iston Milliy Tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Simulyatsion markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Talkimbayeva Naylya Anuarovna, shuningdek, Qo‘shma va professional ta’lim instituti direktori, Qozog‘iston Milliy Tibbiyot assotsiatsiyasi prezidenti, tibbiyot fanlari doktori, professor Mamirbekova Saltanat Abbasovna bilan uchrashuv va muzokaralar olib borildi.

Mazkur tashrif Namangan davlat universitetining xalqaro aloqalarini yanada kengaytirish, tibbiyot ta’limi sifatini oshirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumot uchun:

Al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti QS World University Rankings 2026 reytingida dunyo miqyosida 166-o‘rinni, QS Asia University Rankings 2026 reytingida esa Osiyo bo‘yicha 38-o‘rinni egalladi. Shuningdek, QS World University Rankings 2025 reytingida universitet 163-o‘rinda qayd etilgan.

Asfendiyarov nomidagi Qozog‘iston Milliy Tibbiyot universiteti esa QS World University Rankings 2026 reytingida global miqyosda e’tirof etilgan tor ixtisoslashgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalari qatoridan joy olgan. Reytingga kiritilgan 8 467 ta oliy ta’lim muassasasi orasida KazNMU o‘z ixtisosligi bo‘yicha dunyoning top 13,2 foiz universitetlari safidan o‘rin egallagan.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image