Ayni kunlarda Namangan davlat universiteti Fizika kafedrasi professor-o‘qituvchilari — professor B.T. Abdulazizov, PhD L.A. Abdullayev, PhD M.S. Tohirjonov hamda doktorant A.A. Abdukarimov Malayziya davlatida ilmiy tashrif bilan bo‘lib turib, 72 soatlik ilmiy stajirovkani o‘tamoqdalar.
Mazkur tashrif doirasida delegatsiya dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — QS xalqaro reytingida 58-o‘rinni egallagan Malaya universitetining “Science” fakulteti hamda “Fizika” kafedrasida ilmiy stajirovkadan o‘tmoqda. Stajirovka davomida professor-o‘qituvchilar zamonaviy ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari, ilg‘or tajribalar va innovatsion yondashuvlar bilan yaqindan tanishib, fizika sohasidagi dolzarb ilmiy muammolar yuzasidan tajriba almashmoqdalar.
Shuningdek, tashrif davomida Malaya universitetining zamonaviy laboratoriya qurilmalari, eksperimental bazasi va ilmiy infratuzilmasi bilan tanishish, ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinmoqda. Ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish va xalqaro ilmiy nashrlarda hamkorlikda maqolalar chop etish istiqbollari belgilab olinmoqda.
Bundan tashqari, tashrif doirasida bakalavr va magistratura talabalari uchun akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, doktorantlar ilmiy tadqiqotlarini hamkorlikda yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek yosh olimlarning xalqaro tajribasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur ilmiy tashrif Namangan davlat universitetining xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ilmiy salohiyatini oshirish hamda ta’lim va ilm-fan integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.