Namangan davlat universiteti Filologiya fakultetida  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martdagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom mazmun-mohiyatini talabalarga yetkazish maqsadida universitetda tushuntirish uchrashuvi o‘tkazildi.

Mazkur uchrashuvda fakultet dekani, o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari hamda yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, shuningdek, talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori asosida ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun grantlarni qayta taqsimlash tartibi, sessiya yakunlariga ko‘ra kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarning grantga o‘tish imkoniyatlari, shuningdek, akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan talabalar grantdan kontrakt asosiga o‘tkazilishi mumkinligi haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Xususan, ta’kidlanganidek, ta’lim grantlarini qayta taqsimlashda talabaning GPA ko‘rsatkichi kamida 3,5 va undan yuqori bo‘lishi, shuningdek, uning ijtimoiy faolligi muhim mezon hisoblanadi. Grantlar to‘liq va to‘liq bo‘lmagan shaklda ajratilishi, baholash jarayonlari esa maxsus komissiyalar tomonidan shaffof tarzda amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, talabalarga akademik intizomga rioya qilish, sessiyalarga mas’uliyat bilan yondashish, ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish grantni saqlab qolish va keyingi o‘quv yili uchun grant asosida ta’lim olishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob oldilar. Bunday tushuntirish uchrashuvlari talabalarda mas’uliyat hissini oshirish, bilimga bo‘lgan munosabatni kuchaytirish va grant tizimida adolat hamda raqobat muhitini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image