O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Namangan davlat universitetida ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi.
Mazkur uchrashuvda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bazarov, “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Ikromxon Najmiddinov, yuridik fanlari doktori, professor Mirodil Boratov, siyosiy fanlar nomzodi, dotsent Davron Muitov, viloyatdagi turli idora va tashkilotlar rahbarlari, oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan Prezident Murojaatnomasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, ta’lim va ilm-fanni qo‘llab-quvvatlash, qonun ustuvorligini ta’minlash, shuningdek mamlakat xavfsizligi va mudofaa salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar mazmunan va atroflicha yoritib berildi.
Shuningdek, uchrashuv jarayonida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan savollar, taklif va mulohazalar yuzasidan mutaxassislar tomonidan batafsil va asoslantirilgan javoblar berildi. Bu esa mazkur hujjatlarning mazmun-mohiyatini yanada chuqur anglashga xizmat qildi.
Ta’kidlash joizki, bunday ma’rifiy uchrashuvlar Prezident hujjatlarida belgilangan vazifalarni aholiga yetkazish, jamoatchilikning olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlardagi faol ishtirokini ta’minlash hamda fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.