O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika qon xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi PQ–348-sonli qarori (https://lex.uz/uz/docs/-6148385)ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan davlat universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari “Men donorman” aksiyasida faol ishtirok etmoqda.
Mazkur xayriya va ijtimoiy ahamiyatga ega aksiya Namangan viloyat qon quyish markazida tashkil etilib, unda universitetning tajribali professor-o‘qituvchilari, tashabbuskor talabalari hamda fakultet kordinatorlari ko‘ngilli ravishda donorlik qildilar.
Aksiya orqali aholining salomatligini mustahkamlash, tibbiyot muassasalarini zarur qon zaxiralari bilan ta’minlash hamda jamiyatda beg‘araz donorlik madaniyatini keng targ‘ib etish maqsad qilindi.
Ishtirokchilar ushbu tashabbus insonparvarlik, mehr-oqibat va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga asoslanganini alohida ta’kidlab, bunday ezgu ishlar yoshlar ongida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, fuqarolik burchiga sodiqlik ruhini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Namangan davlat universiteti jamoasi kelgusida ham ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xayriya tadbirlarida faol ishtirok etib, jamiyat va xalq salomatligi yo‘lida munosib hissa qo‘shishni davom ettiradi.