Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi vakillari rahbarligida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF–207-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Giyohvandlik va narkojinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi” ijrosini ta’minlash doirasida matbuot anjumani tashkil etildi.
Mazkur matbuot anjumani joriy yil fevral oyida respublika miqyosida o‘tkazilishi belgilangan “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligini tashkiliy jihatdan yuqori saviyada o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar hamda erishilayotgan natijalarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida Namangan davlat universitetida tashkil etilgan viloyat studiyasidan Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Bazarov rahbarligida oliy ta’lim muassasalarining birinchi prorektorlari, yoshlar siyosati va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar, profilaktika inspektorlari, talabalar hamda hududiy boshqarma va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yoshlar masofaviy onlayn formatda ishtirok etdilar.
Anjuman davomida giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish, ushbu illatning jamiyat, xususan, yoshlar hayotiga salbiy ta’siri, uning ijtimoiy, huquqiy va ma’naviy oqibatlari yuzasidan batafsil axborotlar berildi. Shuningdek, yoshlar ongida giyohvandlikka nisbatan qat’iy salbiy munosabat va barqaror immunitetni shakllantirish, profilaktik tadbirlarning samaradorligini oshirish hamda bu borada davlat organlari, ta’lim muassasalari va jamoatchilik institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qilish choralarini kuchaytirish bilan cheklanib qolmasdan, balki ma’rifiy-targ‘ibot ishlari, tarbiyaviy tadbirlar va yoshlar bilan doimiy, tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali samarali natijalarga erishishni taqozo etadi.
Shu munosabat bilan, mazkur yo‘nalishda barcha mas’ul tashkilotlar tomonidan kompleks, uzluksiz va manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim vazifa etib belgilandi.