Namangan davlat universitetida Iqtisodiyot fakulteti tashabbusi bilan “Tadbirkorlar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev, Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi raisi Solijon Mo‘minov, “AISHA Home Textile” QK MChJ ta’sischisi Jobirxon Kamoliddinov, mazkur korxonaning ijrochi direktori Abdurashid Ubaydullayev, “United IT Club” MChJ rahbari Bexzod Shamsiddinov, shuningdek, universitet talabalari ishtirok etdilar.
Uchrashuvni universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Rektor o‘z nutqida bugungi kunda iqtisodiyot sohasi har bir davlat taraqqiyotining asosiy drayverlaridan biri hisoblanishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, yoshlarni biznesga keng jalb etish hamda ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Shundan so‘ng tadbirda ishtirok etayotgan mehmonlar so‘zga chiqib, o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini qanday boshlagani, faoliyat davomida duch kelgan qiyinchiliklari, ularni yengib o‘tish tajribalari hamda bugungi kunda erishilgan natijalari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Mehmonlar tomonidan yoshlarni qat’iyatli bo‘lishga, bilim va tajribani doimiy oshirib borishga, shuningdek, innovatsion g‘oyalarga tayangan holda faoliyat yuritishga chaqirildi.
Uchrashuv davomida talabalar tomonidan bir qator dolzarb savollar va takliflar bildirildi. Bildirilgan savollarga mehmonlar va mutasaddilar tomonidan atroflicha javoblar berildi.