So‘z mulkining sultoni, buyuk mutafakkir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan Namangan davlat universitetida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbirda universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev, universitet prorektorlari, bo‘lim va markazlar boshliqlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, dekan o‘rinbosarlari hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdilar.
Tadbirni universitet rektori kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘z ma’ruzasida rektor hazrat Mir Alisher Navoiy siymosining o‘zbek milliy madaniyati va ma’naviyatidagi beqiyos o‘rni, uning boy adabiy merosi, shuningdek, buyuk mutafakkirning davlat boshqaruvidagi faoliyati va xalqparvarlik g‘oyalari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng Filologiya fanlari doktori Farida Karimova so‘zga chiqib, hazrat Alisher Navoiyning yozib qoldirgan nodir asarlari, ularning jahon adabiyoti rivojidagi ahamiyati hamda buyuk mutafakkirning o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida mazmunli ma’ruza qildi.
Tadbir davomida universitetning iqtidorli talabalari tomonidan Alisher Navoiy qalamiga mansub g‘azallar yoddan aytildi va sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shuningdek, San’atshunoslik kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan Navoiy g‘azallari asosida kuy va qo‘shiqlar ijro etilib, tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.