Uzoq yillar davomida Namangan davlat universitetida turli rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat yuritgan, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika sohasining yetuk mutaxassisi, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Ahmadali Mashrabboyev shu yil 14-fevral kuni 75 yoshida vafot etdi.
Ahmadali Mashrabboyev 1951-yil 17-mayda Namangan shahrida tug‘ildi. 1973-yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” ixtisosligi bo‘yicha tamomlab, Namangan davlat universiteti amaliy matematika kafedrasida katta laborant sifatida mehnat faoliyatini boshladi. Keyinchalik kafedra mudiri, fakultet dekani, bo'lim boshlig'i, prorektorlik lavozimlarida xizmat qildi.
Marhumning 100 dan ortiq ilmiy izlanish natijalari Respublikamizning va xorijiy mamlakatlarning nufuzli jurnallarida chop etilgan hamda konferensiyalarida ma’ruzalar qilingan. Bundan tashqari 20 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar hamda o‘quv-uslubiy ko‘rsatmalar muallifidir.
Ahmadali Mashrabboyev nafaqat ilmiy faoliyati, balki ustozlik faoliyati bilan ham xalqimiz xotirasida mangu saqlanadi. O‘n minglab shogirdlar uning saboqlaridan bahramand bo‘lib, bugun turli sohalarda samarali faoliyat yuritmoqdalar. U o‘zining keng dunyoqarashi, fidoyiligi va samimiy insoniy fazilatlari bilan jamoatchilikning chuqur hurmatini qozongan edi.
Ahmadali Mashrabboyevning vafoti Namangan davlat universiteti jamoasi, ilm-fan ahli va keng jamoatchilik uchun katta yo‘qotishdir.
Namangan davlat universiteti jamoasi marhumning oila a’zolari, yaqinlari, do‘stlari va shogirdlariga chuqur hamdardlik bildiradi.