Namangan davlat universitetida “Jaholatga qarshi ma’rifat” va “Inson qadri va huquqlarining ustuvorligi – taraqqiyot poydevori” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur tadbirda universitetning birinchi prorektori Islomjon Odilov, rektor maslahatchisi Alibek Bekmurzayev, Din ishlari qo‘mitasining viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutatassisi Nosirjon Orifjonov, Viloyat ijtimoiy sog‘lomlashtirish komissiyasi raisi Ikromjon Soliyev o’z nutqlari bilan ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida jaholat va turli yot g‘oyalarga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar ongida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Inson qadri va huquqlarining ustuvorligi jamiyat taraqqiyotining muhim omili ekani alohida ta’kidlandi.
Darhaqiqat, bugungi globallashuv sharoitida dunyo miqyosida yuz berayotgan mafkuraviy xurujlar, turli buzg‘unchi g‘oyalar yoshlar ongi va kelajagiga jiddiy tahdid solmoqda. Hayotimizni internetsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Albatta, internet imkoniyatlari keng va foydali, biroq undan noto‘g‘ri foydalanish turli salbiy oqibatlarga olib kelishi ham mumkin.
Uchrashuv davomida aynan internetdan foydalanish madaniyati, yoshlarni turli yot g‘oyalar, ekstremistik oqimlar, giyohvandlik va din niqobi ostidagi buzg‘unchi targ‘ibotlardan asrash masalalari haqida so’z yuritilib, videolavhalar namoyish etildi.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati