Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev “Yoshlar kuni” doirasida tashkil etilgan “Talabalar ligasi” sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Tadbirda rektor so‘zga chiqib, Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ilgari surilgan tashabbuslar mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtaldi.
Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida yosh sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush hamda 854 ta bronza medalini qo‘lga kiritganini ta’kidladi.
Rektor universitetda ham sportni rivojlantirish, talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda ularning jismoniy salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi. So‘nggi paytlarda zamonaviy talablarga javob beradigan yangi sport maydonchalari qurib bitkazilib, talabalarga foydalanish uchun topshirilgani alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng universitet rahbari bevosita talabalar bilan birgalikda sport musobaqalarida ishtirok etib, yoshlarni faol va sog‘lom hayot tarziga da’vat etdi.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati