Joriy yilning 24-fevral kuni hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqotida mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” sifatida nishonlanishini e’lon qilgan edi. (https://t.me/shmirziyoyev/31944) Ana shu tashabbus ijrosi doirasida bugun, 26-fevral kuni Namanga davlat universitetida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvni universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev ochib berib, yurtimizda yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning ilmiy va innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Rektor o‘z nutqida yoshlar bilan bevosita muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini eshitish hamda amaliy yechimlar ishlab chiqish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Ochiq muloqot davomida talaba-yoshlar tomonidan ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy tillarni o‘rganish, sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlarni kengaytirish masalalari yuzasidan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Universitet rektori har bir murojaat va taklifni diqqat bilan tinglab, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli prorektorlar va mas’ul bo‘lim rahbarlariga aniq topshiriqlar berdi. Ayrim masalalar joyida hal etildi, tizimli yondashuvni talab etadigan takliflar esa nazoratga olindi.
#YoshlarKuni #OchiqMuloqot
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati