Namangan davlat universiteti Biotexnologiya fakultetida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik Komiljon Tojibayev bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida mehmonning ilmiy faoliyati va erishgan yutuqlari haqida qisqacha ma’lumot berildi. Ta’kidlash joizki, akademik Komiljon Tojibayev Namangan davlat universiteti bitiruvchisi bo‘lib, mazkur dargohda tahsil olgan.
Uchrashuv davomida akademik tomonidan Namangan davlat universitetidan yetishib chiqqan yetuk botanik olimlar, ularning ilmiy-tadqiqot ishlari hamda bugungi kunda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika institutida amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, botanika sohasi rivoji, zamonaviy tadqiqot yo‘nalishlari va yosh olimlar oldida turgan ustuvor vazifalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar tomonidan berilgan savollarga akademik atroflicha javob berib, ilmiy izlanish olib borish jarayonlari, xalqaro hamkorlik va ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish masalalari yuzasidan tavsiyalar berdi.
Uchrashuv yakunida universitet rahbariyati tomonidan akademik Komiljon Tojibayevga tashrif buyurgani uchun minnatdorlik bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati