Namangan davlat universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tashabbusi bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida tashkil etilgan “Jadidlar jasorati – millatimiz faxri” hamda “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzularidagi insholar tanlovining universitet bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov jarayonida ishtirokchilar belgilangan mavzular doirasida o‘zlarining ijodiy yondashuvlari, tahliliy fikrlari hamda tarixiy manbalarga tayangan holda insholar yozdilar.
Insholarda jadidlarning xalq ma’rifati, milliy o‘zlikni anglash, ozodlik va taraqqiyot yo‘lida olib borgan faoliyati, ularning bugungi avlod uchun ibrat bo‘ladigan jasorati va g‘oyalari keng yoritildi.
Tanlovda universitetning turli fakultetlarida tahsil olayotgan 30 ga yaqin faol va iqtidorli talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilarning ijodiy ishlari hakamlar hay’ati tomonidan mazmuni, mavzuni yoritish darajasi, tahliliy yondashuv va badiiy ifoda mezonlari asosida baholanmoqda.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati