Namangan davlat universiteti Fizika-matematika fakultetida Yoshlar kuni munosabati bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Dilmurod Ismoilov talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida deputat Dilmurod Ismoilov davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar siyosati ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanganini, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, kasb egallashi hamda o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, davlat rahbarining yaqinda yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ilgari surilgan muhim tashabbuslar haqida so‘z yuritildi. Unda ta’lim, bandlik, tadbirkorlik va ijtimoiy himoya sohalarida yoshlarga yaratilayotgan yangi imtiyoz va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yoshlar uchun zamonaviy ta’lim olish, xorijda o‘qish, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish, startap va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bu imkoniyatlar esa yoshlardan faollik, tashabbuskorlik va o‘z kelajagiga mas’uliyat bilan yondashishni talab qiladi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shuningdek, yoshlarni qiynayotgan masalalar muhokama qilinib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati