Namangan davlat universiteti Iqtisodiyot fakultetining 6 nafar iqtidorli talabasi “Exchange” dasturi doirasida xalqaro talaba almashinuvi grantini qo‘lga kiritib, Malayziyada tahsil olish uchun jo‘nab ketdi.
Mazkur grant asosida talabalar joriy yilning mart oyidan boshlab bir semestr davomida Malayziyada joylashgan Universiti Utara Malaysiada tahsil olib, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy bilim va tajribalarni egallaydilar. Xalqaro akademik almashinuv dasturi ularga nafaqat yangi bilimlarni o‘rganish, balki xorijiy ta’lim tizimi tajribasi bilan yaqindan tanishish imkonini ham yaratadi.
Ma’lumot uchun Universiti Utara Malaysia QS jahon universitetlari reytingida (World University Rankings) 491-o‘rinda qayd etilgan.
Ta’kidlash joizki, Iqtisodiyot fakulteti xalqaro hamkorlik yo‘nalishida faol ish olib bormoqda. Jumladan, Avstriyaning Danube University Krems, Janubiy Koreyaning Gyeongsang National University, Malayziyaning Universiti Utara Malaysia hamda Qirg‘izistonning Kyrgyz-Uzbek International University bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qo‘shma ta’lim dasturlari va almashinuv loyihalari izchil rivojlantirilmoqda.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati