O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1 va PQ–2-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan davlat universitetiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Bahriddin Valiyev hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov va Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik Adhamjon Sormonqulov tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlar universitetda amalga oshirilayotgan ta’lim jarayoni, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion faoliyat bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, professor-o‘qituvchilar va iqtidorli talabalar tomonidan ishlab chiqilgan startap loyihalar, ilmiy-innovatsion ishlanmalar hamda amaliy ahamiyatga ega g‘oyalar taqdimoti namoyish etildi.
Mas’ul rahbarlar taqdim etilgan loyihalar bilan tanishib, ularning amaliy ahamiyati, iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etish istiqbollari hamda yoshlarning innovatsion salohiyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, universitetda talabalar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish maqsadida faoliyat yuritayotgan “Qalqon” jamoatchilik guruhi faoliyati ham ko‘zdan kechirildi.
Tashrif doirasida talaba-yoshlarni sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham o‘rganildi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan universitet tadqiqotchilari bilan suhbat o‘tkazildi.
Mehmonlar universitetning talabalar turar joyiga ham tashrif buyurib, u yerda talabalar uchun yaratilgan yashash, dam olish va ta’lim olish sharoitlari bilan tanishdi. Talabalarning ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan har payshanba kuni o‘tkazib kelinayotgan “Yoshlar kuni” doirasida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda viloyatda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov hamda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik Adhamjon Sormonqulov talaba-yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordi.
Tadbirda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, tegishli tashkilot va idoralar vakillari, prorektorlar hamda 400 nafardan ortiq talaba-yoshlar qatnashdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda yoshlar siyosatini izchil amalga oshirish, talaba-yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuvning ochiq muloqot qismida talaba-yoshlar ta’lim jarayonini takomillashtirish, yoshlar bandligini ta’minlash, ilmiy va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.
Mas’ul rahbarlar tomonidan talaba-yoshlarning fikr va takliflari diqqat bilan tinglanib, ayrim masalalar uchrashuv jarayonining o‘zida ijobiy hal etildi. Bildirilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan esa tegishli tashkilot va mas’ul rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi.