Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev universitetga tashrif buyurgan Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi mutaxassisi, Nyukasl universiteti professori Nik Megoran bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida universitet rektori mehmonni universitetda amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim tizimini modernizatsiya qilish borasida olib borilayotgan ishlar bilan batafsil tanishtirdi.

O‘z navbatida, professor Nik Megoran universitetga tashrif buyurganidan mamnun ekanini bildirib, o‘zbek tilida samimiy fikrlarini bayon qildi. Shuningdek, u Namangan viloyatiga ko‘p bora kelmagan bo‘lsa-da, viloyatda har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro gullar festivali haqida iliq taassurotlarini bildirdi.

“Men Namanganda o‘tkaziladigan gullar festivali haqida eshitganman. Nasib qilsa, albatta tashrif buyurish niyatidaman” — dedi u.

Shuningdek, uchrashuv davomida Nik Megoran O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi bo‘yicha erishilgan kelishuv hamda Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasining imzolanishi tarixiy ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

Britaniyalik olim 2025-yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan Farg‘ona tinchlik forumining mintaqada ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida ilgari “mojarolar hududi” sifatida qaralgan Farg‘ona vodiysi bugungi kunda Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotning muhim tayanch nuqtasiga aylanmoqda.

Uchrashuv yakunida rektor Abdug‘affor Qirg‘izboyev professor Nik Megoranga tashrifi uchun minnatdorchilik bildirib, unga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image