Ayni kunlarda Namangan viloyatida boʻlib turgan elchi Smita Pant xonim tashrif doirasida Namangan davlat universitetiga keldi.
Universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev elchi Smita Pant xonimni universitetda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan batafsil tanishtirdi.
Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va hamkorlik aloqalari bugungi kunda yangi bosqichga koʻtarilayotganini alohida taʼkidladilar. Davlatlararo munosabatlarning mustahkamlanib borayotgani oliy taʼlim sohasida ham oʻz aksini topayotgani qayd etildi.
Suhbat davomida universitetda tahsil olayotgan hindistonlik talabalar soni yildan-yilga ortib borayotgani, xususan, Tibbiyot fakultetida 100 nafardan ortiq hindistonlik talabalar taʼlim olayotgani, bu esa ikki davlat oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi samarali hamkorlikning amaliy natijasi ekani eʼtirof etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, akademik almashinuvni rivojlantirish hamda ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish yuzasidan kelishib oldilar.