Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan “Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir” degan ezgu g‘oya asosida Namangan davlat universitetida “Navro‘z sayli” o‘tkazildi. 

Mazkur bayram sayli davomida yurtimizning barcha viloyatlariga xos milliy urf-odatlar, qadriyatlar hamda an’analarni o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmalar keng ko‘lamda tashkil etildi. Fakultetlar tomonidan tayyorlangan pavilyonlarda xalqimizning boy madaniy merosi, milliy hunarmandchilik namunalari, qadimiy an’analar, xalq o‘yinlari hamda milliy taomlar namoyish etilib, tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirdi.

Bayram tadbirida so‘zga chiqqan universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev barcha yig‘ilganlarni Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etib, fakultetlar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalarning mazmunan boy va puxta tashkil etilganini alohida e’tirof etdi.

— Bugun go‘yo yurtimizning har bir go‘shasi universitetimizda jam bo‘lgandek. Milliy qadriyatlarimiz va an’analarimiz o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Hududlarda tiklangan o‘tovlar, qad rostlagan Registon uslubidagi maydonlar, milliy hunarmandchilik namunalari, xalq o‘yinlari hamda milliy taomlar barcha ishtirokchilar qalbida unutilmas taassurotlar qoldirmoqda, — deya ta’kidladi rektor.

Tadbir davomida universitetda faol ishtirok etib kelayotgan bir guruh professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandi.

Shundan so‘ng bayram dasturi sho‘x kuy-qo‘shiqlar, musiqiy chiqishlar hamda sahna ko‘rinishlari bilan davom ettirildi. Xususan, San’atshunoslik kafedrasi o‘qituvchilari hamda iqtidorli talabalari tomonidan ijro etilgan diltortar taronalar tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, bayramona muhitni yanada yuksaltirdi.

Manba: www.namdu.uz

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image