Mamlakatimiz rahbari tomonidan ta’lim tizimini rivojlantirish, shuningdek, talaba-yoshlar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish hamda ularning muammo va takliflarini joyida o‘rganish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan davlat universitetida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “Rektor yotoqxonada — bir kun, bir tun” loyihasi doirasida universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev talabalar turar joyiga tashrif buyurib, talaba-yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida talabalar tomonidan turar joy sharoitlari, ta’lim sifati, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish, bandlik masalalari hamda kelgusidagi rejalarga oid dolzarb taklif va muammolar ilgari surildi. Bildirilgan barcha murojaatlar rektor tomonidan diqqat bilan tinglandi hamda ularni ijobiy hal etish yuzasidan aniq vazifalar va amaliy takliflar belgilab berildi.
Shuningdek, rektor talabalar turar joyida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. O‘rganishlar jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, yashash sharoitlarini yanada yaxshilash bo‘yicha mas’ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Mazkur tashabbus talaba-yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning muammo va ehtiyojlarini joyida o‘rganish, shuningdek, ta’lim muassasasida ochiqlik va shaffoflik muhitini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.