Toshkent viloyati Chirchiq shahrida og‘ir atletika sport turi bo‘yicha kattalar va yoshlar o‘rtasida “O‘ZBEKISTAN OPEN” — O‘zbekiston ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli musobaqada qo‘shni davlatlar — Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikasidan tashrif buyurgan sportchilar ham faol ishtirok etdilar.
Musobaqada viloyatimiz terma jamoasi tarkibida Namangan davlat universiteti San’at va sport fakulteti og‘ir atletika yo‘nalishi talabalaridan 4 nafari Respublika bosqichida munosib ishtirok etdi.
Xususan, kattalar o‘rtasida 53 kg vazn toifasida bahs olib borgan Rahimjanova Mastura yuqori natijalarni qayd etdi. U dast ko‘tarish yo‘nalishida 64 kg natija bilan 2-o‘rinni egallab, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, siltab ko‘tarish yo‘nalishida 72 kg natija bilan yana 2-o‘rinni egallab, ikkinchi kumush medal sohibasiga aylandi.
Universitetimiz jamoasi nomidan Rahimjanova Masturani mazkur musobaqada erishgan natijasi bilan samimiy muborakbod etamiz. Shuningdek, uning sportdagi muvaffaqiyatlarida munosib hissasi bo‘lgan murabbiylariga chuqur minnatdorlik bildiramiz.