Namangan davlat universiteti Ijtimoiy fanlar fakultetida Namangan viloyati Davlatobod tumani Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi bilan hamkorlikda Yoshlar kuni munosabati bilan “Har bir yosh ichki ishlar xodimining doimiy e’tiborida” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Davlatobod tumani Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Eshonov Kamoliddin, universitet profilaktika inspektori Azizbek To‘xtaboyev, fakultet dekan o‘rinbosari Baxtiyor Boltaboyev, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, yoshlarni turli zararli g‘oya va illatlardan asrash, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash kabi muhim masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport, ilm-fan va ijodiy faoliyatga keng jalb etish orqali salbiy holatlarning oldini olish muhim ekani ta’kidlandi.
Muloqot jarayonida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ichki ishlar organlari faoliyati, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etish hamda yoshlarning huquq va majburiyatlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.