Namangan davlat universitetida buyuk davlat arbobi va mohir sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur uchrashuvda professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etib, Sohibqironning boy tarixiy merosi, davlat boshqaruvi borasidagi yuksak salohiyati va harbiy san’atdagi betakror tajribasi haqida atroflicha fikr almashdilar.

Uchrashuv davomida ta’kidlanganidek, Amir Temur nafaqat mohir sarkarda, balki markazlashgan kuchli davlat barpo etgan ulug‘ siymo sifatida milliy davlatchiligimiz tarixida beqiyos o‘rin egallaydi. Uning sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, madaniyat va bunyodkorlik ishlari yuksalib, tarixda Temuriylar Renessansi nomi bilan mashhur bo‘lgan Ikkinchi Uyg‘onish davriga asos solingan.

Shuningdek, uchrashuvda Sohibqiron siymosining uzoq yillar davomida sobiq mustabid tuzum davrida nohaq qoralangani, uning nomi va faoliyati biryoqlama talqin etilgani qayd etildi. Mustaqillik yillarida esa tarixiy haqiqat va adolat tiklanib, Amir Temurning muborak nomi va boy merosi xalqimizga qaytarilgani alohida e’tirof etildi.

Sohibqiron siymosi bugungi kunda milliy davlatchiligimiz ramziga aylangan bo‘lib, u yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, o‘zlikni anglash, boy tarixiy merosimiz, an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirishda muhim ma’naviy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image