Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan davlat universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti tashabbusi bilan buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda hamda Ikkinchi Uyg‘onish davri — Temuriylar Renessansi bunyodkori Amir Temurning boy tarixiy merosi, davlat boshqaruvidagi yuksak salohiyati va harbiy san’atdagi betakror tajribasini keng targ‘ib etishga xizmat qiluvchi “Amir Temur xonasi” ochildi.

Ochilish marosimida Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev ishtirok etib, ushbu xonada yaratilgan shart-sharoitlar, unda jamlangan qo‘lyozma manbalar, tarixiy adabiyotlar, eksponatlar hamda ko‘rgazmali materiallar bilan yaqindan tanishdi. Rektor ushbu tashabbus yosh avlodni milliy tariximizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda buyuk ajdodlarimiz merosiga nisbatan faxr va iftixor tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

“Amir Temur xonasi” nafaqat ko‘rgazmali maskan, balki ilmiy-ma’rifiy markaz sifatida ham faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, unda talaba-yoshlar Sohibqironning davlat qurilishi, markazlashgan boshqaruv tizimini shakllantirish borasidagi strategik yondashuvlari, harbiy yurishlaridagi taktik mahorati hamda bunyodkorlik faoliyati bilan chuqur tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Shuningdek, mazkur xonada Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va san’atning yuksalishi, jahonda “Temuriylar Renessansi” nomi bilan e’tirof etilgan Ikkinchi Uyg‘onish davrida amalga oshirilgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari va madaniy taraqqiyot jarayonlari keng yoritiladi. Bu esa talaba-yoshlarning tarixiy tafakkurini boyitish, ularni mustaqil izlanishga yo‘naltirish hamda milliy o‘zlikni anglash darajasini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image