Namangan davlat universitetida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-qizlar o‘rtasidagi “To‘maris izdoshlari” sport musobaqasining hududiy bosqichi ko‘tarinki ruhda va yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqa talaba-qizlarning jismoniy salohiyatini oshirish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jamoaviylik, chaqqonlik va tezkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Musobaqa Namangan davlat universiteti xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi hamda Sport va san’at fakulteti hamkorligida tashkil etildi. Unda Namangan davlat universiteti, Namangan davlat pedagogika instituti, Namangan davlat texnika universiteti hamda Namangan davlat chet tillari institutining saralash bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoalari ishtirok etdi. Dasturga muvofiq, ishtirokchi jamoalar “Jamoani tanishtirish”, “Sport bilan hamnafasmiz”, “Birinchi tibbiy yordam” hamda “Velosipedda uchish” shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.

Musobaqa davomida talaba-qizlar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, amaliy ko‘nikmalari, jamoaviy hamjihatligi, epchilligi va tezkorligini namoyon etdilar. Ayniqsa, birinchi tibbiy yordam va sportga oid amaliy shartlar ishtirokchilarning tayyorgarlik darajasini yaqqol ko‘rsatdi.

Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda o‘tgan musobaqa yakunida hakamlar hay’ati tomonidan quyidagi natijalar e’lon qilindi:

 1-o‘rin — Namangan davlat universiteti
 2-o‘rin — Namangan davlat texnika universiteti
 3-o‘rin — Namangan davlat chet tillari instituti 

Musobaqa yakunlari talaba-qizlarning nafaqat sportga, balki jamoada ishlash, mas’uliyatni his etish, tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish kabi muhim hayotiy ko‘nikmalarga ham ega ekanini namoyon etdi. Umuman, “To‘maris izdoshlari” sport musobaqasining hududiy bosqichi talaba-qizlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularni sport va faol hayotga keng jalb etish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image