Namangan davlat universitetida 2026/2027-o‘quv yili uchun tashkil etilgan kasbiy (ijodiy) imtihonlarning birinchi kuni yakunlandi.
Ma’lumki, mamlakatimizning 62 ta oliy ta’lim muassasasida kasbiy (ijodiy) imtihonlar belgilangan tartib asosida o‘tkazilmoqda. Namangan davlat universitetida esa 13 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarni 2026-yil 10–16-iyul kunlari bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.
Namangan davlat universitetida kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etish uchun respublikamizning barcha hududlaridan jami 841 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ular tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zlarining ijodiy va kasbiy salohiyatini namoyon etmoqda.
Joriy yilning 10-iyul kuni Dizayn (sanoat dizayni), Vokal san’ati (an’anaviy xonandalik), Sport faoliyati: voleybol, Sport faoliyati: kurash hamda Jurnalistika (faoliyat turlari bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazildi.
Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihon topshirishi belgilangan 209 nafar abituriyentdan *** nafari imtihonlarda ishtirok etdi, **** nafari esa imtihonlarga kelmadi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar universitet tomonidan oldindan tasdiqlangan tartib va reglament asosida, adolat va shaffoflik tamoyillariga qat’iy rioya etilgan holda tashkil etildi. Imtihonlarning yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida universitet rahbariyati tomonidan barcha zarur tashkiliy hamda texnik choralar ko‘rildi.
Jumladan, ijodiy yo‘nalishlar bo‘yicha sinovlar moslashtirilgan auditoriyalar, ijodiy ustaxonalar hamda san’at ta’limi uchun maxsus jihozlangan xonalarda o‘tkazildi. Imtihon jarayonida ro‘yxatga olish, kuzatuv va monitoring tartiblariga qat’iy amal qilindi.
Shuningdek, abituriyentlarning ota-onalari va hamrohlari uchun qulay kutish maydonchalari tashkil etilib, zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Imtihon jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash maqsadida Namangan davlat universiteti tomonidan live.namdu.uz manzili orqali kasbiy (ijodiy) imtihonlarni onlayn kuzatish imkoniyati ham yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tizim ota-onalar hamda keng jamoatchilikka imtihon jarayonlarini bevosita kuzatish, baholash mezonlarining adolatli va xolis amalga oshirilayotganiga ishonch hosil qilish imkonini bermoqda.
Ayni paytda Namangan davlat universitetida kasbiy (ijodiy) imtihonlar tasdiqlangan jadval asosida davom etmoqda. Universitet mazkur jarayonlarni ochiq, adolatli va shaffof tarzda tashkil etish, har bir abituriyent uchun teng imkoniyatlar yaratish tamoyiliga sodiq qolgan holda faoliyat olib bormoqda.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning keyingi bosqichlari hamda natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar universitetning rasmiy axborot resurslari orqali muntazam e’lon qilib boriladi.