Asosiy kontentga o'tish

Namangan davlat universitetida Germaniyaning xalqaro ASIIN tashkiloti tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan 6 ta hamda maxsus akkreditatsiyadan o‘tgan 22 ta ta’lim dasturi sertifikatlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar, shuningdek, Zoom platformasi orqali ASIIN xalqaro akkreditatsiya agentligining Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Irina Yevgenevna Yefimova hamda respublikaning qator oliy ta’lim muassasalari rektorlari va ommaviy axboroti vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev ochib berdi. U o‘z nutqida Namangan davlat universitetida ta’lim sifatini oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish va ta’lim dasturlarining raqobatbardoshligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Rektor universitetning 6 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tganini ta’lim sifatini ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan tizimli ishlarning muhim natijasi sifatida qayd etdi. Shuningdek, kelgusida ham ta’lim dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish va xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish ishlari izchil davom ettirilishini ta’kidladi. Xususan, filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishlari bo‘yicha 3 ta, iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha esa 5 ta ta’lim dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi.



Tadbir davomida ASIIN xalqaro akkreditatsiya agentligining Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Irina Yevgenevna Yefimova ham Zoom platformasi orqali so‘zga chiqdi. U Namangan davlat universitetining xalqaro akkreditatsiya jarayonidagi muvaffaqiyati bilan universitet jamoasini tabriklab, kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Shuningdek, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodov hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov so‘zga chiqib, Namangan davlat universiteti jamoasini erishilgan natijalar bilan tabrikladilar va universitetning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladilar.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image