Asosiy kontentga o'tish
“Lola vatani” Markaziy Osiyo ekani ilmiy asoslandi: xalqaro tadqiqotda Namangan davlat universiteti olimi ham ishtirok etdi

Dunyoning nufuzli xalqaro ilmiy nashrlaridan biri — American Journal of Botany (AJB) jurnalida e’lon qilingan yangi xalqaro tadqiqot Markaziy Osiyo lola gulining kelib chiqishi va evolyutsion rivojlanishining asosiy markazi ekanini ilmiy jihatdan asoslab berdi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari, Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti hamda Kyu Qirollik botanika bog‘lari mutaxassislaridan iborat xalqaro ilmiy jamoa tomonidan olib borilgan mazkur fundamental tadqiqotda Namangan davlat universiteti botanik olimi Davron Dehqonov ham faol ishtirok etdi.

Akademik Komiljon Tojiboyevning botanika sohasidagi ilmiy maktabi vakillari erishayotgan yirik ilmiy natijalarning navbatdagi yorqin namunasi bo‘lgan ushbu tadqiqotda xalqaro olimlar guruhi Tulipa turkumining evolyutsion tarixini keng ko‘lamli genetik ma’lumotlar asosida tikladi. Buning uchun lolalarning ma’lum xilma-xilligining qariyb 86 foizini qamrab olgan 254 ta plastid genomi tahlil qilindi.

Genetik shajara lolalarning millionlab yillik tarixini kuzatish imkonini berdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Tulipa nasli eng yaqin qarindosh o‘simliklardan taxminan 32,5 million yil avval ajralib chiqqan bo‘lsa, bugungi kunda mavjud lolalarning umumiy ajdodi qariyb 22,8 million yil avval paydo bo‘lgan. Biogeografik tahlillar esa uning kelib chiqish hududi sifatida aynan Markaziy Osiyoni ko‘rsatmoqda.

Shu tariqa, Markaziy Osiyo nafaqat lolalarning tarqalish hududlaridan biri, balki ularning dastlabki evolyutsiyasi va keyingi xilma-xilligi shakllangan asosiy mintaqa ekani ilmiy dalillar bilan tasdiqlandi. Olimlar Markaziy Osiyo tog‘larini endilikda yanada katta ilmiy asos bilan “lola vatani” deb atash mumkinligini qayd etmoqda.

Tadqiqot davomida lolalar tasnifi ham aniqlashtirildi. DNK tahlillari asosida ayrim turlarning mustaqilligi tasdiqlanib, Tulipa heterophylla uchun alohida Eduardoregelia kenja turkumi ajratildi. Shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda uchraydigan Tulipa affinis turining mustaqil maqomi ham genetik ma’lumotlar bilan tasdiqlandi.

Mazkur tadqiqot natijalari nafaqat botanika fanining muhim ilmiy muammolariga oydinlik kiritadi, balki Markaziy Osiyodagi yovvoyi lolalarning holatini baholash, ularni samarali muhofaza qilish hamda mintaqa mamlakatlarining milliy Qizil kitoblarini yangilash uchun ham muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Eng muhimi, bunday olamshumul ilmiy tadqiqotda O‘zbekiston olimlari qatori Namangan davlat universiteti botanik olimi Davron Dehqonovning xalqaro ilmiy jamoa tarkibida faol ishtirok etgani mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida shakllanayotgan ilmiy salohiyat va xalqaro ilmiy hamkorlikning yuksalib borayotganidan dalolatdir.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image