Namangan davlat universiteti rektorining Ramazon hayiti munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum, aziz hamkasblar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar!

Barchangizni qutlug‘ Ramazon hayiti munosabati bilan tabriklayman va qalbimdagi eng ezgu tilaklarimni izhor etib qolaman!

Biz dillarimizda o‘zgacha surur, his-hayajon bilan o‘tkazgan muborak Ramazon oyi sabr, mehr-oqibat, saxovat oyi sifatida hayotimizda o‘ziga xos iz qoldirgani, shubhasiz. Chunki bu oy ezgulik, insoniylik, o‘zaro yaxshiliklar ulashishdek fursatlarni bizga taqdim etdi, yuraklarimizdagi eng ezgu hislarning qayta uyg‘onishiga, jamiyatda azaliy qadriyatlarimizni yanada yorqinroq namoyon bo‘lishiga zamin yaratdi.

Men jamoamizni, undagi barcha o‘qituvchi-murabbiylar – Siz azizlarning yosh avlod qalbiga ilm nurini singdirish, ma’rifatli va ma’naviyatli jamiyat qurish yo‘lidagi xizmatlaringizni yuksak baholayman. Inson qadri va manfaatlari ulug‘langan Yangi O‘zbekistonda sharafli va zahmatli kasbda yelkama-yelka turib faoliyat olib borayotganimiz – biz uchun nafaqat baxt, balki ulkan mas’uliyat ekanini ta’kidlamoqchiman.

Qadrli jamoamiz a’zolari, talaba o‘g‘il-qizlarim!

Barchangizni muqaddas Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin yurakdan qutlayman. Saxovatdan yuksalgan ko‘ngillar hamisha yorug‘ bo‘lsin. Qalbingizdagi go‘zal niyatlarning barchasini Alloh ijobat qilsin. Ilm yo‘lidagi riyozatlaringiz ajru mukofotini Yaratgan beadad, behisob qilib bersin. Yurtimiz, xonadonlarimiz hamisha tinch, obod, hayotimiz farovon bo‘lsin. Sihat-salomatlik, uzoq umr, kasbiy muvaffaqiyatlar mudom hamrohingizga aylansin.

Sizlar orqali oila a’zolaringizga ham tani-sihatlik, tinchlik-xotirjamlik, oilaviy baxt, dasturxonlaringizga qut-baraka tilayman. Ulug‘ kunlar fayzi, shukuhi, tarovati qalblarimizni aslo tark etmasin.

Ramazon hayitingiz muborak bo‘lsin!

Sobitxon TURG‘UNOV

Namangan davlat universiteti rektori

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image