Namangan davlat universiteti xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va ilmiy salohiyatni oshirish borasida muntazam ishlar olib bormoqda. Shu maqsadda Fizika-matematika fakulteti tashabbusi bilan Malayziyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari universitetimizga tashrif buyurdilar.
Tashrif doirasida QS xalqaro reytingida 60-o‘rinni egallagan Malaya universiteti Fizika kafedrasi mudiri Dr. Mohd Hamdi Bin Ali hamda Tunku Abdul Rahmon nomidagi Menejment va texnologiyalar universiteti vakili Dr. Li Ping Teo mehmon bo‘ldilar.
Uchrashuv avvalida mehmonlarga Namangan davlat universitetining tarixi, bugungi salohiyati, ilmiy yutuqlari va xalqaro hamkorlikdagi loyihalari tanishtirildi. So‘ngra, talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, mehmonlar Malayziya ta’lim tizimi, Malaya universitetining ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari va xalqaro reytinglarda erishgan muvaffaqiyatlari haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Shuningdek, uchrashuv chog‘ida Namangan davlat universiteti va Malaya universiteti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalar ishlab chiqish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tashrif ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish hamda talabalarga yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati