O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxanova universitetning 2-sonli talabalar turar joyiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida talaba qizlarning ta’limdan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishlari hamda intellektual salohiyatlarini rivojlantirishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.
Turar joyda talaba qizlarning muntazam sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur jihozlar bilan ta’minlangan gimnastika xonasi faoliyat yuritmoqda. Dilnozaxon Kattaxanova mazkur maskandagi sharoitlar bilan tanishar ekan, uning talabalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faollikni oshirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, talabalarning bilim va tafakkur doirasini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan “Zakovat” xonasi, shaxmat va shashka xonalari faoliyati bilan ham tanishildi. Bu kabi maskanlarning mantiqiy fikrlashni rivojlantirish, intellektual salohiyatni oshirish hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishdagi o‘rni yuqori baholandi.
Bundan tashqari, turar joy oshxonalarida talabalar uchun qulay va xavfsiz ovqatlanish sharoitlari yaratilgan. Kir yuvish, dam olish va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari muntazam yangilanib, talabalarga yanada qulay muhit taqdim etilmoqda.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati