Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan davlat universitetining Iqtisodiyot fakulteti faoliyatiga oid tarqalgan murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Murojaatda keltirilgan talabalar hech qanday ogohlantirishsiz darslardan chetlashtirilayotgani hamda ularga bosim o‘tkazilayotgani haqidagi ma’lumotlar o‘rganilib, mazkur da’volar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Universitetda to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarga to‘lov-shartnoma mablag‘larini belgilangan muddatlarda to‘lash yuzasidan muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib boriladi. Shuningdek, to‘lov-shartnoma bo‘yicha qarzdorligi mavjud talabalarga Iqtisodiyot fakulteti dekani tomonidan ularning yashash manzillariga to‘lov-shartnoma shartlari buzilgani hamda qarzdorlik belgilangan muddatlarda bartaraf etilmagan taqdirda amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida talabalar safidan chetlashtirilishi mumkinligi haqida belgilangan tartibda yozma ogohlantirish xatlari yuborilgan.
Bundan tashqari, fakultetda o‘tkazilgan o‘rganishlar hamda talabalar o‘rtasida tashkil etilgan anonim so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, fakultet rahbariyati tomonidan talabalarga nisbatan hech qanday bosim holatlari mavjud emasligi aniqlangan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Namangan davlat universitetida talaba-yoshlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi hamda raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Buning amaliy tasdig‘i sifatida, 2025–2026-o‘quv yilida Iqtisodiyot fakultetining 6 nafar iqtidorli talabasi "Exchange" dasturi doirasida xalqaro talaba almashinuvi grantini qo‘lga kiritdi. Ular joriy yilning mart oyidan boshlab bir semestr davomida Malayziyaning Utara Universityda tahsil olib, o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ilg‘or bilim va tajribalarni o‘zlashtirib qaytdilar.
Shu o‘rinda barcha blogerlar, jurnalistlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillariga Namangan davlat universiteti faoliyati doimo ochiqlik tamoyillari asosida olib borilishi, universitet har qanday murojaat va masalalarni qonunchilik hamda xolislik tamoyillari asosida ko‘rib chiqishga, shuningdek, ommaviy axborot vositalari bilan konstruktiv hamkorlik qilishga doimo tayyor ekanini ma’lum qilamiz.