Quyosh hali botmagan
- Nashr tili: O'zbek(Lotin)
- Nashriyot: Yoshlar nashiryot uyi
- Nashr qilingan yili: 2018
- Sahifalar soni: 176
- ISBN: 978-9943-5220-0-8
- Ko'rishlar soni: 76
Luqmon Boʻrixonning “Quyosh hali botmagan” (“Yoshlik”) qissasida or-nomus, gʻurur kabi oliy tuygʻular milliy kurash negizida yoritiladi. Qissaga tanlangan “Sahro soʻqmogʻida boshin egib jim, Bir kimsa ketmoqda, bilmasman u kim…” (A. Oripov) epigrafi ilk tugun, jumboq boʻlib, oʻquvchini oʻyga toldiradi. Ilk jumla, “Biz hali Absal polvonni tanimas edik”, deya boshlanar ekan, yana qiziqish ortadi. Muallif ikki doʻst – Davron hamda Norsoat portretini chizadi. Yoshligidan toʻqlikda oʻsgan, shoʻx, mard, aqlli, lekin biroz takabbur Davron feʼlida yetakchilik kuchli. Shoirtabiat, taʼsirchan Norsoat esa tobelikka moyil. Voqealar Kengsoy atrofida rivojlantiriladi. Absal polvonni vazmin, sodda, kamgap qilib tasvirlaydi. Koʻngli nozikligini sibizgʻaga boʻlgan ixlosi orqali asoslaydi. Kurash maktabini koʻrmagan, ammo tugʻma isteʼdod egasi boʻlgan bu inson ikki doʻstga kurash sirlarini oʻziga xos usulda oʻrgatadi. “Polvon odam uch narsaga hokim: nafs, shuhratparastlik, manmanlik, uch narsaning quli: haqiqat, or-nomus, sibizgʻa (muhabbat)”, degan aqidasi qissaning asosiy gʻoyasi sanaladi. Polvon yigitlarga yoʻlboshchi. Oʻz amallari bilan shogirdlarini hayotda toblanishga, halol yashashga oʻrgatadi. Ustoz kelajakka ishora qilib: “U sizlarni kuldiradi, kuydiradi, u sizlarni bor qiladi, yoʻq qiladi. Ana shunda juda-juda sibizgʻa chalgilaring kelib qoladi”, – deydi. Qissada tabiat tasviri, kishilar qiyofasi yaxshi tasvirlangan, sibizgʻa detali orqali muhabbat talqin qilingan. Avlodlar oʻrtasidagi vorisiylik, milliy oʻzlikni asrash gʻoyalari asarning konsepsiyasi sifatida koʻtarilgan. Lekin, nazarimizda, asarda dramatizmni yanada kuchaytirish, xarakter qirralarini yorqinroq ifodalash lozim. Asarda “Quyosh hali botmagan” jumlasi koʻp takrorlanadi, bu jumla qissaning leytmotivi, lekin qahramonlarning hayotini muhim oʻzanga solgan kishi Absal polvon haqida “Biz hali Absal polvonni tanimas edik” degan jumla asar boshida yoziladi-da, polvonning oʻzi haqidagi fikrlar keyinroq, yettinchi sahifadan oʻtgach beriladi.