Namangan davlat pedagogika institutida 1986 yilda boshlang’ich ta’lim kafedrasi qoshida maktabgacha ta’lim yo’nalishi o’z faoliyatini boshladi. Bu vaqtda kafedraga pedagogika fanlari nomzodi, professor Maxmudjon Yusupov rahbarlik qilar edi. Maktabgacha ta’lim yo’nalishida pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Munojatxon Mirzaabdullaeva, katta o’qituvchi Saodatxon Musaevalar talabalarga dars bera boshladi. 1987-1988 o’quv yilidan boshlab maktabgacha ta’lim kafedrasi alohida faoliyat ko’rsata boshladi. Kafedra mudiri etib, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Munojatxon Mirzaabdullaeva tayinlandi.
U bilan bir safda dotsentlar A.Asqarov, A.Burxanov hamda katta o’qituvchi Q.Najmiddinovlar maktabgacha ta’lim yo’nalishi talabalariga psixologiya fanlaridan ta’lim berdilar. Tajribalarini yosh o’qituvchilar X.Xamroqulova, T.Tojiboeva, M.Maxsudova, Z.Qoraboeva kabilarga o’rgatib, maktab yaratib ketdilar.
M.Mirzaabdullaeva Namangan davlat universitetida o’qituvchi bo’lib ishlash bilan bir qatorda, Moskva pedagogika fanlari akademiyasi Maktabgacha tarbiya ilmiy tadqiqot instituti aspiranturasida ham tahsil olgan. 1984 yilda «Besh yoshgacha bo’lgan bolalar mexnat faoliyati jarayonida o’zaro yordam munosabatlarini shakllantirish» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.
Maktabgacha ta’lim yo’nalishi mutaxassislariga ehtiyojning ortib borayotganligini hisobga olib, Namangan davlat universiteti rahbariyatining sa’y-harakatlari bilan 2012 o’quv yilida kunduzgi bo’lim uchun “Maktabgacha ta’lim” yo’nalishi qaytadan ochildi. 2014 o’quv yilida esa “Maktabgacha ta’lim” kafedrasi pedagogika-psixologiya kafedrasidan ajratilib, alohida kafedra sifatida faoliyat ko’rsata boshladi. 2015 yil mart oyida Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan “Maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi tasdiqlandi. Mazkur kafedraga psixologiya fanlari nomzodi, dotsent M.Maxsudova kafedra mudiri etib tayinlandi. Maktabgacha ta’lim yo’nalishining bitiruvchilari, hozirgacha pedagogika va psixologiya kafedrasida faoliyat ko’rsatib kelayotgan katta o’qituvchilar Munojat Asranboeva, Zoxida Qoraboeva, pedagogika fanlari nomzodi Ma’suda Abdullaeva, o’qituvchilar Zoxida Qodirova, Dilorom Asqarova, Nargiza Abdusamatova, Aziza Turg’unboeva, Havoniso Hamroqulova, Ummatali To’raxonov, Sayfiddin Xakimovlar yangi “Maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasiga buyruq asosida o’tkazildi.