Azal-azaldan jamiyatdagi barcha ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning negizi har bir davlatning bosh qomusi bo‘lmish Konstitutsiyaga borib taqaladi. Akademik A.Saidov “Konstitutsiya kishilik sivilizatsiyasining yutug‘i, umuminsoniy qadriyat va demokratik taraqqiyotning yuridik asosidir”, deya ta’kidlab, uni chuqur o‘rganish, unga rioya etish va Asosiy qonun bilan faxrlanish har bir fuqaro uchun zarur ekanini alohida qayd etadi.
Konstitutsiyada mustahkamlangan asosiy huquqiy kafolatlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining poydevorini tashkil etib, davlat va jamiyatning barqaror rivojlanishi, shuningdek fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning asosiy mezonlari sifatida namoyon bo‘ladi.
Yangi tahrirdagi konstitutsiyada o‘qituvchilar haqida alohida 2 banddan iborat 52-modda kiritildi. O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Aytish lozimki, o‘qituvchilar huquq sohasidan boshqa, oliy qonunda alohida tilga olingan yagona kasb egalariga aylandi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
Demak endilikda davlat o‘qituvchilarning jamiyat va davlat, xususan yosh avlodning kelajagida tutgan roli naqadar muhim ekanligi, yurtning taqdiri, ravnaqi bevosita bu bilan bog‘liqligi Konstitutsiyaviy norma orqali mustahkamlab qo‘yilishi O‘qituvchilar uchun g‘urur, iftixor bo‘lsa bir tomondan juda katta mas’uliyat yuklashi bilan ahamiyatlidir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz.
Otabek Pulatov
Yuridik fakulteti dekan o‘rinbosari