Bugun Yangi O‘zbekistonda bosh qomusimizning o‘ttiz uch yilligi keng nishonlanmoqda. Mazkur shonli sana munosabati bilan Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston xalqiga bayram tabriklari e’lon qilindi.
Har bir xalqning taraqqiyoti, davlatining qudrati va jamiyat hayotining barqarorligi eng avvalo uning bosh Qomusi – Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning azaliy orzu-intilishlari, demokratiya va adolat tamoyillariga tayanib yaratilgan tarixiy hujjatdir.
Yangi O‘zbekiston davlatchiligi taraqqiyoti bosqichida uning ahamiyati yanada ortib, mazmun-mohiyati yangi davr talablari bilan boyib bormoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning markazida “inson – jamiyat – davlat” tamoyili turadi. Bu yondashuv har bir fuqaroning sha’ni, qadr-qimmati va or-nomusini oliy qadriyat sifatida e’tirof etadi.
Qonun ustuvorligi endi faqat davlat tizimi uchun emas, balki insonning daxlsiz huquqlari uchun ham mustahkam kafolatdir.
Konstitutsiya fuqarolarning asosiy erkinliklarini mustahkamlaydi: so‘z, vijdon, fikr, ijod, yashash va harakatlanish erkinligi, shaxsiy hayot daxlsizligi kabi huquqlar demokratik jamiyat barpo etishda asosiy mezondir.
Shunday ekan, bayram tabrigida huquq va erkinliklarimiz, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik, birlik va hamjihatlik, ortga qaytmas demokratik islohotlarimiz kafolati bo‘lgan Asosiy qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini amaliy ifodasi bayon qilingan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan qoida va tamoyillar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barchamiz uchun beqiyos kuch-g‘ayrat, ishonch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilayotganligiga barchamiz guvohmiz.
Bugungi kunda parlamentimiz tomonidan sudlar faoliyati hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirishga oid qonun va qonun osti hujjatlarini qabul qilinganligi yangi O‘zbekistonda inson manfaatlarini yanada ulug‘langanligini ko‘rsatib beradi.
Ayniqsa insonparvarlik va xalqparvarlik tamoyillari yorqin namunasini aholi jon boshiga daromad 3 ming 500 dollarni tashkil etgani, maktabgacha ta’limda qamrov 78 foiz, oliy ta’limda esa 42 foizga yetgani, odamlarimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzayganini alohida e’tirof etishimiz mumkin.
Bugungi kunda islohotlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan kunda barchamiz Konstitutsiyamizning har bir normasini davlat va jamiyat hayotida amaliy faoliyat mezoniga aylantirishda faol bo‘lishimiz lozim.
Ayniqsa, kelajak vorislari yoshlarimizga Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatini chuqur o‘rgatish, ularni konstitutsiyaviy qadriyatlar asosida yuksak ongli va vatanparvar fuqarolar, siyosiy tafakkur va huquqiy madaniyat egalari etib tarbiyalashdek oliyjanob vazifalar turganligini his qilmog‘imiz darkor.
Yoshlarimiz Konstitutsiya va qonunlarimizga chuqur hurmat, puxta huquqiy bilim bilan tarbiyalansagina bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi yanada ortadi.
Bu maqsadlar mushtarakligi, ertangi yorug‘ va farovon hayotimizning kafolati sanaladi.
Konstitutsiyamizning tavallud kuni barchamiz uchun muborak bo‘lsin.
Ibroxim Atamirzayev
Jinoyat huquqi va prosessi kafedrasi mudiri